Toshkentda Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi xodimiga $30 ming pora taklif qilgan tadbirkor ushlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Tadbirkor o‘zi rahbarlik qiladigan korxona tomonidan Yakkasaroy tumanida barpo etilgan turar joy majmuasi qabul qilishda ko‘maklashish uchun Toshkent shahar FVBB xodimiga $30 ming pora taklif etgan.

Tadbirkor kamchiliklari bartaraf etilmagan 12 qavatli “dom"ni foydalanishga qabul qilinishi bo‘yicha Nazorat.mc.uz elektron portali orqali taqdim etadigan arizasini ijobiy hal qilib berishni so‘ragan.

FVB xodimi holat bo‘yicha masʼullarni xabardor qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirda tadbirkor xodimga ushbu pulni bergan vaqtida ushlandi.

Holat yuzasidan tadbirkorga nisbatan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 3-qismi “a” bandi (Pora berish juda ko‘p miqdorda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Buxoroda 800 mln so‘mlik kredit olib berish uchun $2 ming, Sirdaryoda esa uy-joy subsidiyasi ajratish evaziga $8 ming talab qilganlar qo‘lga olingandi.