Namangan viloyatining Pop tumanida Arashan Resort sayyohlik majmuasi qurilishi boshlandi, deya xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Unga tamal toshi qo‘yish marosimi Navro‘z bayrami — 21-mart kuni bo‘lib o‘tdi. Majmua tuman markazidan taxminan 70 kilometr shimoli-g‘arbda, Arashan ko‘li qirg‘og‘idagi tog‘li hududda joylashadi. Uning qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra $150 mln ga baholanmoqda.

600 gektar maydonda 12 ta mehmonxona, beshta restoran, etno-park, reabilitatsiya markazi, sharq tabobati majmuasi, kottejlar va chaylalar tashkil etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, bu yerda konsert zali, yozgi sahna, skeyt parki, o‘yin maydonchalari, do‘konlar bo‘ladi.

Arashan Resort gastroturizm, madaniy hordiq chiqarish va sog‘lomlashtirish markazi sifatida joylashtiriladi. Bu yerda ekologik, tog‘ va ekstremal turizm infratuzilmasi, jumladan, chang‘i yo‘laklari, ziplayn, dor yo‘li va dorbog‘ barpo etiladi.

Loyihada xorijiy hamkor sifatida Yaponiyaning Nippon Global Education and Assessment (NGEA) kompaniyasi ishtirok etmoqda. Qurilish xalqaro standartlarga muvofiq olib boriladi.

Arashan Resort to‘liq ochilgandan so‘ng kuniga 2500 nafargacha yoki yiliga 912 ming nafar sayyohni qabul qila oladi. Majmuada 2 mingdan ziyod ish o‘rni yaratiladi.

Shavkat Mirziyoyev 2025-yilning kuzida Arashan ko‘li bo‘yida yiliga 1 mln mehmonga mo‘ljallangan 1200 gektarlik sayyohlik markazini tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

O‘shanda u Chortoq suv ombori yaqinida $50 mlnlik sayyohlik markazi tashkil etilishini e’lon qilgandi.

Prezident dekabr oyida Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida Arashan ko‘li yaqinidagi markaz loyihasini 2026-yilga mo‘ljallangan asosiy loyihalar qatoriga kiritgan edi. Davlat rahbari $4 mlrdlik 3,5 mingta servis loyihasini ishga tushirish vazifasini qo‘ydi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda aprel-iyun oylari ochiq turizm mavsumi bo‘lishi haqida yozgandi.

Aviakompaniyalar olib kelgan turist uchun $100 dan, turoperatorlarga 1 ming sayyoh uchun $5 minggacha subsidiya beriladi.