Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlangani haqida xabar berilgandi.
Unda prezident qurilish sohasida byurokratiya va tizimdagi kamchiliklarni tanqid qildi hamda yer va kredit ajratilganiga qaramay, loyihalar boshlanishi oylab cho‘zilayotganini aytib o‘tdi.
Sansalorlikning yana bir sababi — joylarda shaharsozlik kengashishga a’zo 26 ta idora o‘rtasida muloqot va hamkorlik yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois, shaharsozlik kengashiga Toshkent shahri va viloyat hokimlarining o‘zi boshchilik qilib, tadbirkorning masalasiga yakuniy yechim berishi belgilandi.
“Shaffof qurilish” reytingida quruvchilarga lizingga olingan texnikasi uchun ball berilmayotgani noto‘g‘ri ekani qayd etildi.
Bunday texnikalar hisobga olinsa, kamida 500 ta korxonaning reytingi 1−2 pog‘ona ko‘tarilib, 17 trln so‘mlik bozorga kirish imkoni paydo bo‘ladi.
Qurilish vazirligiga lizingga olingan texnikalar elektron bazasini ishga tushirib, “Shaffof qurilish” tizimiga integratsiya qilish va ball berishni boshlash topshirildi.
Bundan tashqari, pudrat korxonalariga chet eldan yiliga bitta maxsus texnika olib kelish bo‘yicha cheklovni bekor qilish zarurligi qayd etildi.
Umuman, mutasaddilarga uch oyda qurilishga ruxsat olishdan boshlab, foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni tahlil qilib, talablar, muddatlar va to‘lovlarni 2 barobargacha qisqartirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Avvalroq Spot Qarshida 27 gektar hududda renovatsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.