Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 13-aprel kuni tadbirkorlik subyektlariga nisbatan moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yanada liberallashtirish, bu borada ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyati ustidan sud nazorati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida yozgandi.
Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil Abdumannop Bo‘riyev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezident tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda biznesga nisbatan ta’sir choralarining nomutanosibligi bo‘yicha topshiriqlar berganini aytdi.
Shundan so‘ng, Biznes-ombudsman tomonidan hududlarda tadbirkorlar, shuningdek, tekshiruv o‘tkazilgan subyektlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, tegishli takliflar tayyorlandi.
“So‘nggi vaqtlarda faoliyat yuritmayotgan tadbirkorlik subyektlari bo‘yicha o‘tkazilgan tahlilimiz shuni ko‘rsatdiki, ularning qariyb 3 mingtasi tekshiruv yakunlari bo‘yicha moliyaviy jarima qo‘llanilgandan so‘ng faoliyatini to‘xtata boshlagan”, — dedi u.
Abdumannop Bo‘riyev ishlab chiqilgan takliflarning joriy etilishi biznesga ortiqcha bosimning oldini olib, ularga erkin tadbirkorlik faoliyatini yuritish imkonini berishiga ishonch bildirdi.
Taqdimotdan keyingi intervyusida biznes-ombudsman prezident taqdim etilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Xususan, qaror loyihasida tadbirkor bir oy ichida jarimaning 50%ini to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda.
“Bugungi kunda har bir tekshiruv biznes-ombudsman tomonidan nazorat qilinmoqda. Xususan, kim va qachon tekshiruv o‘tkazganligi, to‘g‘ri bajarilganligi tahlil qilinadi. Biroq, afsuski, soha raqamlashtirilmagani sababli qo‘llanilayotgan moliyaviy jarimalarning asosli yoki asossizligi haqida bizda ma’lumot yo‘q edi. Prezident bu muammoni hal qildi, shuningdek, biznes-ombudsmanga moliyaviy jarimalarni „Yagona davlat nazorati“ axborot tizimi orqali tahlil qilish va ular qo‘llanilgan paytdan boshlab himoya qilishga kirishish bo‘yicha topshiriq berdi,” — dedi Bo‘riyev.
Bundan tashqari, sudlar tomonidan asossiz moliyaviy jarimalar bekor qilinganda, biznes turli sabablarga ko‘ra jarayonni cho‘zayotgan nazorat organlaridan mablag‘larni qaytarishda muammolarga duch kelmoqda.
Prezident qarori loyihasi undirilgan mablag‘larni 15 kun ichida qaytarish mexanizmini o‘z ichiga oladi. Agar ushbu muddat buzilsa, biznes har bir kechiktirilgan kun uchun kompensatsiya olishi mumkin.
Avvalroq Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi o‘rinbosari kioskani noqonuniy buzgani uchun jarimaga tortilgani haqida xabar berilgandi.