14-aprel Shavkat Mirziyoyevga neft-gaz tarmog‘ida barqaror ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini taʼminlash va moliyaviy-iqtisodiy samaradorlikni oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan hisobot berildi.

Taqdimotda O‘zbekneftgaz aksiyadorlik jamiyati tizimida joriy yilning birinchi choragi yakunlari, ikkinchi chorakdagi asosiy vazifalar, ishlab chiqarish hamda moliyaviy ko‘rsatkichlar dinamikasi ko‘rib chiqildi.

Geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, yangi istiqbolli maydonlarni aniqlash va ularni o‘zlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.

Jumladan, 2D va 3D seysmik-qidiruv tadqiqotlari ko‘lamini oshirish, yangi maydonlarda burg‘ilash ishlarini boshlash, burg‘ilash dasturlarini xalqaro talablar asosida tashkil etish, shuningdek, supervayzing, geologik-gidrodinamik modellashtirish va loyihalashtirish jarayonlarini yanada takomillashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Qayd etilganidek, joriy yilda bir qator yangi maydonlarda ish boshlangan bo‘lib, navbatdagi bosqichlarda bu ishlar yanada kengaytiriladi.

O‘rta muddatli dasturlar doirasida qiyin o‘zlashtiriladigan zaxiralarda ishlash, chuqur va murakkab quduqlarni burg‘ilashda ilg‘or xorijiy tajribani jalb etish muhimligi taʼkidlandi.

Davlat rahbari neft-gaz tarmog‘ida ishlab chiqarish barqarorligini taʼminlash, mavjud quvvatlardan unumli foydalanish, geologiya-qidiruv, burg‘ilash va taʼmirlash ishlarini tizimli asosda tashkil etish, moliyaviy intizomni mustahkamlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda yil boshidan 11 ta yangi neft-gaz qudug‘i ishga tushirilgani haqida yozgandi.

Shuningdek, 20 ta quduqda ta‘mirlash ishlari bajarilib, 5 ta texnologik tadbir amalga oshirildi.