O‘zbekistonda restoran va mehmonxonalarda alkogol uchun naqd pul to‘lashga ruxsat beriladi. Bu haqda 21-aprel kuni Savdo-sanoat palatasida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Pulatov ma’lum qildi.

Uchrashuvda tadbirkor alkogol mahsulotlarini naqd pulsiz to‘lovlar orqali sotish masalasini ko‘tarib, “sayyohlar bilan juda ham qattiq qiynalganini” bildirdi.

“Bu bizning aybimiz, e’tiborsizligimiz. Bu bo‘yicha ishlayapmiz va yaqin kunlarda yechim taqdim etamiz — to‘g‘irlab beramiz”, — dedi Soliq qo‘mitasi raisi.

Farrux Pulatov hozirda alkogol sotiladigan restoran va mehmonxonalarda alkogol uchun alohida — karta orqali, ovqat uchun esa naqd pulda to‘lov qilish kerakligini qayd etdi.

Soliq qo‘mitasi raisi mazkur tartibga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha hujjat loyihasi ishlab chiqilib, hozirda tegishli idoralar bilan kelishilayotganini ma’lum qildi. Idora ham naqd, ham naqd pulsiz to‘lov imkoniyatini ta’minlash niyatida.

alkogol, hisob-kitob, mehmonxona, naqd pulsiz hisob-kitob, umumiy ovqatlanish, mehmonxona

Farrux Pulatov (chapda) va Davron Vahobov (o‘rtada). Foto: SSP

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovning ta’kidlashicha, agar xorijiy sayyoh mehmonxonada spirtli ichimliklarni naqd pulga sotib olmoqchi bo‘lsa, u Uzcard yoki Humo kartasini ochish uchun bankka borishiga to‘g‘ri keladi. Natijada, “ichishni xohlagan sayyoh ichkisi ham kelmay qolib, samolyotga o‘tirib, orqasiga qaytib ketyapdi”.

Yangi tartibga ko‘ra, restoran va mehmonxonalarda alkogol uchun naqd pul to‘lashga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, 7-apreldan boshlab mehmonxonalarga turistik yig‘imni naqd pul ko‘rinishida qabul qilish imkoniyati berildi. Bu mamlakatga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida amalga oshirildi.

O‘zbekistonda 1-apreldan boshlab alkogol va tamaki mahsulotlarini naqd pulga sotish taqiqlandi — endi bunday xaridlar uchun faqat naqd pulsiz to‘lash mumkin. Shuningdek, naqd pulga uy-joy va avtomobil sotib olish ham mumkin emas. Bu aksiz to‘lanadigan tovarlar aylanmasi ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan, biroq amalda u restoran va barlar ishini sezilarli darajada o‘zgartirdi.

Spot restoran biznesi egalari va soha vakillari bilan naqd pulsiz to‘lov jarayoni hamda bu borada yuzaga kelayotgan muammolar haqida suhbatlashdi.

Avvalroq Spot soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan tadbirkorlar uchun jarimalar oshirilishi haqida yozgan edi.