Lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritish rag‘batlantiriladi. Bu prezidentning tegishli farmonida nazarda tutilgan.

Hujjatga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari har yili lalmi hamda yaylov yerlarni foydalanishga kiritish dasturini tasdiqlaydi.

Shuningdek, ular yer tuzish loyihasi va texnik-iqtisodiy asos (TIA) ishlab chiqish uchun Qishloq xo‘jaligi vazirligiga buyurtma beradi.

Yer tuzish loyihasi va TIAni ishlab chiqish, shuningdek, ularni tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishish ishlari Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan tashkil etiladi.

Yakunda hujjatlar Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari va hududga biriktirilgan masʼullar tomonidan tasdiqlanadi.

Texnik-iqtisodiy asosda yer uchastkalarini foydalanishga kiritish bosqichlari, muddatlar, xarajatlar, moliyalashtirish manbalari, loyiha samaradorligi va nazorat mexanizmlari ko‘rsatiladi.

Shu bilan birga, davlat tomonidan taqdim etiladigan qo‘llab-quvvatlash choralari ham nazarda tutiladi.

Yer uchastkalari yer tuzish loyihasi va TIA bilan birga qonunchilikda belgilangan qiymatda E-auksion platformasidagi elektron savdolarga chiqariladi.

Ularni foydalanishga kiritish muddati esa yer ajratilgan kundan boshlab ko‘pi bilan ikki yil etib belgilanadi.

Spot, avvalroq, fermerlarga dizel xarajatlarining 2 mln so‘mgacha qismi qoplab berilishi haqida yozgandi.