Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi Aviasozlar bozori (sobiq Kadishev) hududida savdo rastalari buzilgani haqida xabar tarqaldi. Holat bo‘yicha Yashnobod tumani hokimligi izoh berdi.

Taʼkidlanishicha, olib borilayotgan ishlar bozorning rasmiy savdo rastalariga taalluqli emas.

Bozor atrofi va unga tutash hududlarda ayrim fuqarolar tomonidan betartib savdo amalga oshirilgani aniqlangan.

Xususan, ular tegishli ruxsatnomalarsiz hamda sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya qilmagan holda meva-sabzavot savdosi bilan shug‘ullangan.

Hozirda hududni tartibga keltirish va noqonuniy savdo nuqtalarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, tadbirkorlarni qonuniy asosda faoliyat yuritishi uchun maxsus ajratilgan savdo rastalariga joylashtirish choralari ko‘rilmoqda.

“Bozorning asosiy savdo qismi o‘z faoliyatini odatiy tartibda davom ettirmoqda”, — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Aprel oyida Aviasozlar, Eski juva va Chilonzor buyum bozorlarida ochiq elektr simlari, nosoz yong‘in o‘chirish jo‘mraklari aniqlangandi. Bu kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar ayrim bloklar faoliyatini to‘xtatgan edi.

Spot, avvalroq, bozor va savdo markazlari egalari ularni yong‘indan sug‘urtalashi shart bo‘lishi haqida yozgandi.