Meta’ning Facebook va Instagramdagi reklama biznesi 2026-yilda $240 mlrddan oshishi mumkin, deyiladi WARCning yangi hisobotida.
O‘sishning asosiy omili reklamani avtomatlashtirish va kampaniyalar samaradorligini oshirish uchun sun’iy intellekt vositalarini faol joriy etishdir.
Tahlilchilarning fikricha, 2025-yilda Meta’ning reklama daromadi 22% ga oshib, $196 mlrdga yetdi, 2026-yilda esa yanada ko‘proq o‘sish kutilmoqda.
Sun’iy intellekt brendlarga auditoriyani aniqroq topishga, atributsiyani yaxshilashga va konversiyalarni oshirishga yordam beradi.
Birgina 2025-yilning to‘rtinchi choragida Meta’ning yangi sun’iy intellekt modellari qo‘shimcha konversiyalarning 24% ga o‘sishini ta’minladi.
Foydalanuvchilarning eng kuchli ishtirokini qisqa videolar va Reels qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda: ular Instagram’dagi faollikning 45%ini va Facebook’dagi 29%ini tashkil etadi.
Shu bilan birga, Instagram butun dunyo bo‘ylab marketologlar orasida faqat YouTube’dan keyin eng ommabop platformalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Avvalroq Pinterest xodimlar sonini 15% gacha qisqartirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
Kompaniya qayta tashkillashtirish rejasini e’lon qildi. Ushbu reja doirasida resurslarni qayta taqsimlash, jumladan sun’iy intellektga ixtisoslashgan jamoalar va sun’iy intellekt mahsulotlarini rivojlantirishga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Qayd etilishicha, reja xodimlar sonini hamda egallab turgan ofis maydonlarini 15% gacha qisqartirishni nazarda tutadi.
WSJ nashrining yozishicha, Pinterest daromadni asosan platformadagi reklama hisobidan oladi. Biroq yirik kompaniyalar tariflar bilan bog‘liq cheklovlar fonida reklama xarajatlarini qisqartirmoqda.
Avvalroq Spot Meta, Amazon, Alphabet va Microsoft 2026-yilda SI uchun jami $650 mlrdga yaqin mablag‘ sarflashi haqida yozgandi.
Mazkur mablag‘lar yangi ma’lumotlar markazlari qurilishiga va ularning ishlashi uchun zarur bo‘lgan uskunalar, jumladan chiplarga yo‘naltiriladi.