Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishiga start beradi, deya xabar berdi Kreml matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, 4−5 iyun kunlari Rossiya prezidenti Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (PMEF) tadbirlarida ishtirok etadi.

Bu yil forumning yalpi majlisida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tanzaniya prezidenti Samiya Suluhu Hasan, Xitoy raisi o‘rinbosari Xan Chjen va Saudiya Arabistoni energetika vaziri Abdulaziz bin Salmon Ol Saud so‘zga chiqadi.

4-iyun kuni Sankt-Peterburgda Vladimir Putin Rossiyaga amaliy tashrif bilan keladigan Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv o‘tkazadi.

Davlat rahbarlari videokonferensiya orqali O‘zbekistonda integratsiyalashgan AESning birinchi energobloki qurilishiga start beradilar.

Prezident matbuot xizmati Shavkat Mirziyoyevning 4−5-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Rossiyaga amaliy tashrifi hamda 29-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi yig‘ilishida ishtirok etishi va nutq so‘zlashi haqida e’lon qildi.

Tinch atom

2025-yil sentabr oyida O‘zatom va Rosatom O‘zbekistondagi AES loyihasining yangi konfiguratsiyasi — ikkita katta quvvatli energoblok va ikkita kichik quvvatli atom stansiyasi blokidan iborat tarkib bo‘yicha kelishib olgandi.

Qo‘shimcha kelishuv loyiha tarkibiga 3+ avlodiga mansub VVER-1000 asosidagi ikkita katta quvvatli energoblok hamda har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiritilishini nazarda tutadi. Shu tariqa, integratsiyalashgan AESning umumiy quvvati 2,1 GVt dan oshadi: katta stansiyaniki — 2 GVt, kichiginiki — 110 MVt.

Oktabr oyida O‘zbekistonda kichik AES qurilishining asosiy bosqichi boshlandi. Jizzax viloyatidagi qurilish maydonchasida RITM-200N reaktorli energoblok poydevori uchun kotlovan qazish ishlariga kirishildi.

Joriy yil mart oyida Jizzax viloyatidagi AES qurilish maydonida dastlabki beton ishlari boshlandi. Ishlar yakuniga ko‘ra, gidroizolyatsiya va yerga ulash tizimiga ega reaktor binosi poydevori tayyorlanadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Rossiya integratsiyalashgan AES qurilishi bo‘yicha shartnomaga qo‘shimcha kelishuv imzoladi. Loyiha kichik va katta quvvatli atom stansiyalarini bir vaqtning o‘zida joylashtirishni nazarda tutadi.

Qo‘shimcha bitimga ko‘ra, loyiha tarkibiga 3+ avlod VVER-1000 asosidagi ikkita katta quvvatli energoblok va har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiradi. Shunday qilib, integratsiyalashgan AESning umumiy quvvati 2,1 GVt dan oshadi: katta stansiya — 2 GVt, kichik — 110 MVt.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasi Rossiya sanoatiga $24 mlrdgacha bo‘lgan buyurtmalarni olib kelishi haqida yozgandi.