Toshkentda 1,5 gektar yer uchun $750 ming so‘ragan shaxs ushlandi, deb xabar berdi DXX.

Toshkent shahrida yashovchi 47 yoshli shaxs tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kiradi.

U Yangiyo‘l tumanida joylashgan va davlat zaxirasida bo‘lgan 1,5 gektar yerni uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga $750 ming talab qilgan.

Mazkur ishni u arxitektura va kadastr tizimlarida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali qilmoqchi bo‘lgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchi so‘ralgan pul hisobidan oldindan $20 mingni olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Spot, avvalroq, Katta Farg‘ona kanali hududidagi yer uchun $40,5 ming so‘ragan mansabdor ushlangani haqida yozgandi.