IT Park Ventures Britaniyaning Ayan Capital islomiy fintex-startapiga $1 mln sarmoya kiritdi, deya xabar berdi investitsiya fondi matbuot xizmati.
IT Park qoshidagi jamg‘arma islomiy fintex-startapining $4 mlnlik ASA investitsiya raundida ishtirok etdi. Raundda Buyuk Britaniya va Shveysariyadan xalqaro investorlar ham ishtirok etdi.
Jalb qilingan mablag‘lar kompaniyani kengaytirish, texnologik yechimlarni ishlab chiqish va jamoani, ayniqsa O‘zbekistonda joylashgan ishlab chiqish jamoasini kengaytirishga yo‘naltiriladi.
IT Park Ventures direktori Dalerxon Nodirovning ta’kidlashicha, Ayan Capital asoschilari Markaziy Osiyodagi eng yirik fintex-bizneslardan birini yaratib, butun boshli sohalarni o‘zgartirishga qodir ekanliklarini isbotlaganlar.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda kompaniya Buyuk Britaniyada yangi avlod islomiy raqamli bankini barpo etmoqda.
U global biznesni rivojlantirish bilan birga O‘zbekistonda kuchli jamoalarni shakllantirayotgan startaplarni qo‘llab-quvvatlash IT Park Ventures’ning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi.
Ayan Capital haqida nima ma’lum
Ayan Capital — Markaziy Osiyodagi eng yirik fintech kompaniyalaridan biri bo‘lgan Alif’ni yaratgan seriyali tadbirkorlar Abdullo Qurbonov, Firdavs Mirzoyev va Zuhursho Rahmatulloyev tomonidan asos solingan Britaniyaning islomiy fintech startapidir.
U Londonda joylashgan bo‘lib, Buyuk Britaniyada islomiy moliyaviy xizmatlarning raqamli ekotizimini rivojlantirmoqda. Bugungi kunda kompaniya jismoniy shaxslar, tadbirkorlar va biznes vakillari uchun avtomobillarni to‘liq raqamli halal moliyalashtirish xizmatlarini taqdim etadi.
Bunda kompaniya o‘zining avtomatlashtirilgan skoring va anderrayting texnologiyalaridan foydalanadi. Shuningdek, Ayan Capital Ayan Pay to‘lov platformasi, debet kartalari, islomiy depozitlar va muddatli to‘lov yechimlari kabi yangi moliyaviy mahsulotlarni ham faol rivojlantirmoqda.
Ayan Capital Buyuk Britaniyaning Moliyaviy xulq-atvorni nazorat qilish boshqarmasi (FCA) litsenziyasiga ega bo‘lib, bu kompaniyaning dunyodagi eng rivojlangan moliyaviy bozorlardan biri talablariga yuqori darajada mos kelishini tasdiqlaydi.
2024-yil iyul oyida Alif Bank asoschilaridan biri Abdullo Qurbonov Buyuk Britaniyada islomiy bank xizmatlarini ishga tushirdi. O‘shanda Ayan Capital yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun xizmatlar ko‘rsatishni boshlagan.
Avvalroq Spot Zero Risk dasturi Incentives nomi bilan yangilangani haqida yozgandi.
Endi dastur IT kompaniyalarga kamida 10 ta yangi ish o‘rni yaratgan taqdirda xarajatlarning bir qismini qoplash imkonini beradi.