O‘zbekistonda IT kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Zero Risk davlat dasturi yangilandi. Bu haqda IT Park Uzbekistan matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi, texnopark hamda Jahon banki tomonidan joriy etilgan dastur endilikda Incentives nomi ostida olib boriladi.
Asosiy o‘zgarishlardan biri dasturda ishtirok etish uchun minimal talabning pasaytirilishi bo‘ldi. Kompensatsiya olish uchun kamida 20 ta yangi ish o‘rni yaratish talabi 10 taga tushirildi.
Yangilangan shartlar infratuzilmaviy qo‘llab-quvvatlashni ham o‘z ichiga oladi. Ishtirokchilarga har bir yangi xodim uchun 7 kv.metrgacha ofis maydoni, shuningdek, keyinchalik sotib olish imkoniyati bilan IT uskunalar taqdim etilishi mumkin.
Kompensatsiya miqdori ish haqi fondining 10%idan 15%igacha oshirildi. Ayollar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan ish o‘rinlariga esa umumiy xodimlar sonidan qat’i nazar, 15% lik qat’iy stavka qo‘llanadi.
Bundan tashqari, dastur xodimlarni ishga jalb qilish va ularni o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashni ham nazarda tutadi. Qo‘llab-quvvatlashning umumiy hajmi har bir ish o‘rni uchun $2 minggacha yoki kompaniya eksport tushumining 3%igacha cheklanadi.
To‘lovlar xodimlarning 12 oy davomida tasdiqlangan bandligidan so‘ng amalga oshiriladi. Dastur ishlab chiquvchilarining ta’kidlashicha, bunday mexanizm rasmiy emas, balki uzoq muddatli ish o‘rinlarini yaratishni rag‘batlantiradi.
Zero Risk dasturi amal qilgan davr mobaynida ishtirokchilar tomonidan yaratilgan ish o‘rinlari soni 4 mingdan oshdi. Dasturga qo‘shilgan kompaniyalar 10 mlrd so‘mlik uskunalar xarid qilgan, ularning umumiy eksport hajmi esa $43 mlndan oshgan.
Zero Risk dasturining joriy etilishi 2023-yilning iyul oyida ma’lum qilingandi. Dastur xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda IT va BPO autsorsingi sohasida eksport faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan.
2024-yilning fevral oyida prezident huzuridagi taqdimotda hududlarga IT-eksportchi tashkilotlarni keng jalb qilishga qaratilgan Zero Risk dasturini qo‘llash taklif etildi. Undan keyin raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar eksportini rivojlantirishga qaratilgan prezident qarori bilan ushbu dasturni joriy etish chora-tadbirlari belgilandi.
Avvalroq Spot Gonkongda odamsimon robot boshqaruvidagi birinchi do‘kon ochilishi haqida yozgan edi.