Avvalroq Shavkat Mirziyoyev IT-xizmatlar infratuzilmasi va eksportini rivojlantirishga qaratilgan takliflar bilan tanishgandi.

26-fevral kuni mamlakatda raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar eksportini rivojlantirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, “ІT Park” tomonidan hududlarga ІT-xizmatlar eksport qiluvchi korxonalarni jalb qiluvchi “Zero Risk” dasturi joriy qilinadi. ІT-xizmatlar ko‘rsatuvchi korxonalarni xalqaro ІT-bozorga olib chiqish, eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Local to Global” loyihasi amalga oshiriladi.

Xizmatlar eksporti ulushi mahalliy bozor uchun ko‘rsatilgan xizmatlar hajmiga nisbatan yuqori bo‘lgan ikki yoki undan ortiq xorijiy davlatda faoliyat yurituvchi tashkilotlarga O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tib, “ІT Park” rezidenti maqomi olishlari mumkin bo‘ladi.

“Zero Risk” dasturida ishtirok etuvchi korxonalarga texnopark tavsiyanomasi asosida bo‘sh turgan binolar va maydonlar bir yilgacha muddatga tekin foydalanishga beriladi. Bunda davlat ko‘chmas mulk obyektlari, Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi tashkilotlar hamda “ІT Park” filiallarining davlat mulki bo‘lgan bino va xonalar nazarda tutilgan.

Bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarining har chorakda yangilab boriladigan ro‘yxati texnopark direksiyasiga taqdim etib boriladi. Direksiya zaruratga ko‘ra, dasturda ishtirok etuvchi korxonalar ro‘yxati va ularni bo‘sh turgan tegishli maydonlarga joylashtirishni nazarda tutuvchi tavsiyanomani Davaktiv agentligiga yuboradi.

Bir yil muddat tugagandan so‘ng dasturda ishtirok etuvchi korxonalarga tekin foydalanishga berilgan bino va maydonlar bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuziladi. Bunda “E-auksion” savdo platformasida bir metr kvadrat maydon uchun tegishli hudud bo‘yicha shakllangan o‘rtacha ijara haqi miqdorida hisoblanadi.

“ІT Park” tomonidan xarid qilingan yangi kompyuter, boshqa texnika va jihozlar bir yilgacha muddatga tekin foydalanish huquqi asosida, undan keyin esa 3 oylik davrda foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan taqdim etiladi. Ish haqi xarajatlari xodimlar sonidan kelib chiqib, bir yil muddatda 15%gacha miqdorda qoplab beriladi.

Inson resurslarini rivojlantirish yo‘nalishida bir yil davomida bitta korxonaning quyidagi xarajatlari qoplab beriladi:

  • ishlab chiqarish hamda boshqaruv xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish (xorijiy mutaxassislarni jalb qilish orqali) bilan bog‘liq xarajatlarning 50%gacha, lekin BHMning 200 barobaridan ko‘p bo‘lmagan qismi;
  • ishga qabul qilish uchun malakali mutaxassislarni aniqlash bo‘yicha xizmatlar xarajatlarining (mutaxassislar soniga mos ravishda) 50%gacha, biroq BHMning 20 barobaridan ko‘p bo‘lmagan qismi.

Dasturda quyidagi talablardan biriga mos keluvchi texnopark rezidenti bo‘lgan tashkilotlar ishtirok etadi:

  • umumiy xizmatlar hajmida xizmatlar eksporti ulushi mahalliy bozor uchun ko‘rsatilgan xizmatlar hajmiga nisbatan yuqori bo‘lgan tashkilotlar;
  • amalda $500 ming va undan yuqori bo‘lgan eksport shartnomasiga ega tashkilotlar;
  • yillik aylanmasi miqdori $1 mln va undan yuqori bo‘lgan xorijiy kompaniya ta’sischiligida tashkil etilgan yangi tashkilotlar.

“Local to Global” loyihasi doirasida “ІT Park” rezidenti bo‘lgan tashkilotlarga eksport rejasini ishlab chiqish, istiqbolli xorijiy bozorlarni aniqlash va ularga chiqish talablarini o‘rgatish, mijozlarni topish, ular bilan muzokaralar olib borish, eksport hujjatlarini rasmiylashtirishga yordam beriladi.

Shuningdek, xizmatlar realizatsiyasidan keyingi bosqichdagi qo‘llab-quvvatlash jarayonlarini tashkil etish yo‘nalishlarida texnopark tomonidan bepul maslahat (eksport mentoring) xizmatlari ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, jahon bozoriga chiqish xarajatlarining 50%gacha qismi quyidagi chegaralangan miqdorlarda qoplab beriladi:

  • xorijiy ekspert maslahat xizmatlari uchun — $10 ming;
  • xalqaro ko‘rgazma va konferensiyalarda ishtirok etish uchun — $5 ming;
  • xorijiy hamkorlar bilan biznes muzokaralar o‘tkazish maqsadida ularning mamlakatga tashrifini tashkil etish uchun amalda eksport qilgan xizmatlari hajmiga mos ravishda — $20 ming;
  • xorijiy mamlakatlarga xizmat safari (transport va mehmonxona xarajatlari) uchun — $5 ming.

Shu bilan birga, umumiy xodimlari sonining ko‘pi bilan 50%i, lekin bir nafar xodim uchun bir kalendar yilda bir marotaba ro‘yxati vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan xalqaro platformalar va ta’lim yo‘nalishlarida o‘qish xarajatlarining yarmi qoplab beriladi.

Xodimlar malakasini oshirish maqsadida “Bir million dasturchi” loyihasi doirasidagi nufuzli xalqaro ta’lim platformalarining eksport yo‘nalishida talab yuqori bo‘lgan onlayn o‘quv kurslarida bepul o‘qish imkoniyati ta’minlanadi.

Loyiha doirasida ІT-sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi korxonalarni jahon bozoriga olib chiqishga qaratilgan har bir yo‘nalish bo‘yicha xarajatlar bir yilda faqat bir marotaba qoplab beriladi.

Yanvar oyida prezident tomonidan Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etish to‘g‘risida farmon qabul qilingandi. IT-sohasida tartibga solish qumdoni tashkil etilib, maxsus huquqiy rejim joriy qilinadi.

IT-o‘quv markazlariga subsidiya ajratish tizimi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotga ishga joylashganda 25,5 mln so‘mgacha, nogironligi bo‘lgan yosh bitiruvchilar uchun esa 35,7 mln so‘mgacha bir martalik subsidiyalar beriladi.

Shuningdek, maktablarning yuqori sinflarida biznes va IT-kasblarga tayyorlash dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Biznes va kasb-hunarga o‘qitish yo‘nalishida ustaxonalar tashkil etilib, yuqori maoshli “Kasbiy ta’lim ustasi” lavozimi joriy qilinadi.

2023-yilning iyulida “IT Park” “Zero Risk” dasturini ishlab chiqqani ma’lum bo‘ldi. Undan keyin texnopark dastur qanday imkoniyat taqdim etishi hamda shartlari haqida batafsil ma’lumot berdi.