O‘zbekistondagi Coca-Cola kompaniyasi qo‘shimcha hisoblangan qariyb $25 mlnlik soliqni to‘ladi va endi bu qaror ustidan sudga shikoyat qilgan.
Bu haqda Anadolu Group xoldingi tarkibiga kiruvchi Turkiyaning Coca-Cola İçecek kompaniyasining 2025-yil va 2026-yilning birinchi choragiga doir moliyaviy hisobotida keltirilgan.
Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi Turkiyaning Coca-Cola İçecek xoldingiga qarashli Coca-Cola Bottlers Uzbekistan (CCBU) kompaniyasining O‘zbekistondagi bo‘linmasida tekshiruv o‘tkazdi
Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, 2025-yilning may oyida kompaniyaga jami 314,5 mlrd so‘m (taxminan $25 mln) miqdorida qo‘shimcha soliq, jarima va penya hisoblandi.
Qo‘shimcha hisob-kitoblar turli asoslarga, jumladan, 2023 va 2024-yillarda dividendlar to‘lanishiga taalluqlidir. Bu summa kompaniyaning 2025-yilgi moliyaviy hisobotida aks ettirilgan va 2026-yil 5-yanvarda to‘liq to‘lab berilgan.
Shu bilan birga, Coca-Cola Bottlers Uzbekistan soliq organlarining qarori ustidan sudga murojaat qildi. Kompaniya rahbariyati sud o‘z foydasiga qaror chiqarishiga ishonmoqda va bu jarayon biznes faoliyati, moliyaviy ahvoli hamda to‘lov qobiliyatiga jiddiy ta’sir qilmaydi, deb hisoblamoqda.
Spot Soliq qo‘mitasi matbuot xizmatiga so‘rov yubordi. Idora jarayon hali yakunlanmaganini ta’kidlab, vaziyatga izoh berishdan bosh tortdi.
Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil yakunida Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan Ltd. 1,08 trln so‘m soliq to‘lagan. Taqqoslash uchun, 2024-yilning 11 oyida bu ko‘rsatkich 596,4 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Joriy yilning yanvar-mart oylarida kompaniyaning soliq to‘lovlari 512,1 mlrd so‘mni tashkil etdi. Taxminlarga ko‘ra, bu summaga birinchi chorak boshida to‘langan qo‘shimcha soliq majburiyatlari ham kiritilgan.
Avvalroq Spot AQSHda Coca-Cola'dan $20 mlrddan ortiq soliq undirilishi mumkinligi haqida yozgandi.