Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Tegishli nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Hujjatga ko‘ra, endilikda kripto-xizmat provayderlarini jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni hamda ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatlarda doimiy yashovchi, bo‘lib turgan yoki ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar boshqarishi mumkin emas.

Mazkur cheklov xalqaro standartlarga rioya etilishini ta‘minlash hamda sohada xavflarni kamaytirishga qaratilgan.

Shuningdek, xizmatlar provayderlari ustav kapitalidagi ulushlarni jismoniy va yuridik shaxslarga, jumladan, norezidentlarga realizatsiya qilishni litsenziyalovchi organ bilan oldindan kelishishi lozim bo‘ladi.

Bundan tashqari, kompaniya rahbari, uning o‘rinbosarlari hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha tarkibiy bo‘linma rahbarini almashtirish litsenziyalovchi organ bilan kelishilishi lozim.

Mazkur o‘zgarishlar litsenziyalovchi organning roziligisiz amalga oshirilishi mumkin emas.

Litsenziyalovchi organ ariza qabul qilingan kundan boshlab 10 ish kuni ichida uni kelishish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Bunda arizani ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun hech qanday yig‘im undirilmaydi.

Joriy yilning mart oyida kripto-aktivlar aylanmasi sohasida xizmat ko‘rsatuvchilar faoliyatini tartibga solishning yangi mexanizmlari tasdiqlangandi.

Spot, avvalroq, ILMA Unex Payments‘ga kripto-do‘kon faoliyati uchun litsenziya bergani haqida yozgandi.