Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Unex Payments kompaniyasiga kripto-do‘kon litsenziyasini berdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Kripto-aktivlar bilan bog‘liq xizmat ko‘rsatuvchi litsenziyalangan provayderlar reyestriga ko‘ra, bu O‘zbekistonda ayni paytda faoliyat yuritayotgan 13-kripto-do‘kondir. CS #0018 raqamli litsenziya ILMA direktorining 22-iyundagi buyrug‘iga asosan rasmiylashtirilgan va 24-iyundan boshlab amal qiladi.

KTYDR ma‘lumotlariga ko‘ra, Unex Payments kompaniyasi 4-may kuni 500 mln so‘mlik ustav fondi bilan ro‘yxatdan o‘tgan va “boshqa axborot xizmatlari ko‘rsatish” faoliyati bilan shug‘ullanadi. Kompaniya rahbari etib Karimjon Ubaydullayev qayd etilgan, ta‘sischilari esa 50%dan ulushga ega bo‘lgan Shahnoza Mahmudova va Ra‘no Rahimovadir.

Shuningdek, ular o‘sha kuni ro‘yxatga olingan Unex Depository firmasining ham teng ulushli egalaridir. Kompaniya 500 mln so‘m ustav fondiga ega bo‘lib, “axborot texnologiyalari sohasidagi boshqa faoliyat turlari” bilan shug‘ullanadi.

Bundan tashqari, Shahnoza Mahmudova Intensiv Baliq Baraka kompaniyasining 15% ulushiga egalik qiladi. Rahimovaga esa Mister English o‘quv markazi va Lumax Motors avtodilerining 100%, shuningdek, Bee Financial Management firmasining 40%i tegishli.