1-iyuldan O‘zbekistonda magistraturaga qabul boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
2026/2027-o‘quv yili uchun davlat OTMlarining magistratura mutaxassisliklariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni my.edu.uz platformasi orqali 30-iyulgacha topshirish mumkin.
Talabgorlar platform orqali bakalavr diplomi hamda chet tilini bilish bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatni taqdim etishi kerak.
Quyidagi talabgorlardan chet tilini bilish sertifikati talab etilmaydi:
- prezident va nomli davlat stipendiyalari sohiblari;
- davlat mukofoti sovrindorlari hamda respublika fan olimpiadalari g‘oliblari;
- nogironlik ma’lumotnomasi mavjud (ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan) shaxslar;
- bakalavriat ta’lim dasturini xorijiy tilda tamomlagan bitiruvchilar.
my.edu.uz orqali onlayn ariza topshirish bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Avvalo, talabgor telefon raqami yoki OneID orqali tizimdan ro‘yxatdan o‘tib, shaxsiy ma’lumotlarini kiritadi va ariza yuboradi. Xorijiy til sertifikatlari yuklanadi, milliy sertifikatlar esa tegishli bazadan avtomatik olinadi.
Shundan so‘ng oliy ta’lim muassasasi arizadagi ma’lumotlar, ta’lim yo‘nalishi, imtiyozlar va yuklangan hujjatlarni tekshiradi. Keyingi bosqichda talabgorning diplom ma’lumotlari u bitirgan OTM tomonidan tasdiqlanadi.
Yakuniy bosqichda chet tili sertifikatlari, imtiyoz beruvchi yutuqlar va nogironlikni tasdiqlovchi hujjatlar tegishli axborot tizimlari hamda ma’lumotlar bazalari orqali verifikatsiyadan o‘tkaziladi.
Ariza topshirish uchun havola.
Magistraturaga kirish uchun talab etiladigan chet tili sertifikatlarining mutaxassisliklar kesimida ro‘yxati bilan bu yerda tanishish mumkin.
Avvalroq Spot maktab o‘qituvchilari magistraturada masofadan o‘qishi mumkin bo‘lishi haqida yozgan edi.