Starbucks brendlar orasida birinchi bo‘lib TikTok’ning yangi funksiyasi — Creator Networks’ni sinovdan o‘tkazyapti.

Xodimlar brend haqidagi postlar uchun reklama daromadlarini taqsimlash orqali ijodiy topshiriqlar va mukofotlar oladi.

Marketing Dive ma’lumotiga ko‘ra, dastur Starbucksning 2024-yilda ishga tushirilgan Green Apron Creators tashabbusiga asoslanadi. Ushbu tashabbus xodimlarni ijtimoiy tarmoqlarda brend haqida kontent joylashtirishga rag‘batlantiradi.

Pilot loyiha doirasida Starbucks tanlab olingan xodim-kontent mualliflariga ijodiy topshiriqlar beradi hamda reklama daromadlaridan ulush ajratish orqali ularga haq to‘laydi.

TikTok esa kontent mualliflari tarmoqlarini brendlarga xodimlar, hamkorlar yoki brend tarafdorlaridan iborat moslashtiriladigan guruhni shakllantirish va mavjud brendga mos videolarni pullik reklamalarga aylantirish imkonini beruvchi mahsulot sifatida taqdim etmoqda.

Starbucks ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya xodimlari ijtimoiy tarmoqlarda o‘xshash tarmoqlar xodimlariga nisbatan uch baravar ko‘proq kontent joylaydi. Baristalarning aksariyatini Z avlodi vakillari tashkil etadi va Green Apron Creators dasturi ularga karyerasini rivojlantirish hamda internetdagi shaxsiy brendini shakllantirish imkonini beradi.

“TikTok bilan hamkorlik bizga hamkorlarimizning samimiy hikoyalarini keng auditoriyaga yetkazishga xizmat qiladigan shaxsiylashtirilgan platformani yaratish imkonini berdi”, — dedi Starbucks global marketing bo‘yicha katta vitse-prezidenti Erin Silvoy.

Marketing Dive keltirgan Sprout Social ma’lumotlariga ko‘ra, Z avlodi vakillarining 61%i, umumiy iste’molchilarning esa 40%i yangi mahsulotlar haqida aynan xodimlar yaratgan kontent orqali xabar topadi. So‘rov ishtirokchilarining 61%i esa ijtimoiy tarmoqlarda brendni targ‘ib qilayotgan xodimlarga buning uchun haq to‘lanishi kerak, deb hisoblaydi.


Avvalroq Spot Starbucks 900 nafar xodimini ishdan bo‘shatishi haqida yozgandi.

Shuningdek, tarmoq Amerikadagi qahvaxonalarining 100 dan ortig‘ini yopishni rejalashtirmoqda.