Slovakiyada kara (pogruzchik) haydovchisi bo‘lib ishlash istagidagi fuqarolar uchun ro‘yxatdan o‘tish boshlandi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Ma‘lum qilinishicha, 70 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud bo‘lib, ishchilarga oyiga 1000 yevro miqdorida qo‘lga tegadigan maosh taklif etilmoqda. Ish haftasiga 5 kun, kuniga 8 soatdan tashkil etiladi.

Tanlovda 20−45 yoshdagi, B toifali haydovchilik guvohnomasiga ega, kara haydash bo‘yicha kamida 6 oylik tajribaga ega hamda rus tilini muloqot darajasida biladigan erkaklar ishtirok etishi mumkin.

Ish beruvchi tomonidan turar joy va tibbiy sug‘urta ta‘minlanadi. Ishchi viza hamda aviachipta xarajatlari dastlab nomzod hisobidan qoplanadi. Biroq ishga joylashgach, ushbu xarajatlar Migratsiya agentligi tomonidan kompensatsiya qilinadi.

Ro‘yxatdan o‘tgan nomzodlar soni 300 nafarga yetgach, arizalar qabuli to‘xtatiladi.

Qo‘shimcha ma’lumotlarni 71 202−33−55 (ichki raqamlar: 556, 906) telefoni orqali olish mumkin.

O‘tgan yilning martida Migratsiya agentligi Slovakiya rekruting kompaniyasi bilan shartnoma imzolagandi.

Spot, avvalroq, o‘zbekistonlik shifokorlar Italiyaga ishga taklif qilinayotgani haqida yozgandi.