AQSH prezidenti Donald Tramp o‘tgan yili kriptovalyutadan $ 1 mlrddan ortiq daromad oldi. Bu haqda uning yillik moliyaviy deklaratsiyasiga tayanib Bloomberg xabar berdi.

Hisobotga ko‘ra, Trampning World Liberty Financial kompaniyasidagi ulushi uning o‘ziga $500 mlndan ortiq daromad keltirgan. Bundan tashqari, Tramp memkoinlar bilan bog‘liq litsenziya to‘lovlaridan yana $635 mln ishlab topgan.

Forbes Real-Time Billionaires reytinging 1-iyul holatidagi ma’lumotiga ko‘ra, Donald Trampning boyligi $6 mlrd bo‘lib, u dunyodagi milliarderlar reytingida 693-o‘rinda turadi.

Bloomberg yozishicha, Donald Trumpning kriptovalyutalardan olgan daromadi uning boshqa bizneslaridan tushgan daromaddan ancha yuqori bo‘lgan.

Jumladan, u Mar-a-Lago kurortidan $77 mln, Shimoliy Virjiniyadagi golf klubidan esa $25 mln daromad olgan.

Mart oyida Forbes AQSH prezidenti Donald Trampning sof boyligi so‘nggi bir yil ichida $1,4 mlrdga oshgani haqida yozgandi.

10-mart holatiga Trampning umumiy boyligi $6,5 mlrdga baholangandi. U dunyoning eng boy odamlari reytingida 700-o‘rindan 645-o‘ringa ko‘tarilgan.

Prezidentning kriptovalyutadan olgan daromadlari e’tibor markazida bo‘lib turibdi. Bunga uning ma’muriyati raqamli valyutalar savdosini faol qo‘llab-quvvatlayotgani sabab bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, AQSH ma’muriyati manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi ayblovlarni rad etib, Tramp o‘z aktivlarini mustaqil boshqarmasligini ta’kidlamoqda.


Avvalroq Florida shtatidagi aeroport Donald Tramp nomiga o‘zgartirilishi haqida xabar berilgandi.

9-iyuldan boshlab Palm-Bich xalqaro aeroporti rasmiy ravishda Tramp sharafiga qayta nomlanadi.