Shavkat Mirziyoyev va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze tor doirada va ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-tranzit, turizm hamda madaniy-gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar hukumatlar, parlamentlar, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi faol aloqalarni hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish muhimligini taʼkidladi.

O‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi $270 mlnni tashkil etdi, joriy yil boshidan buyon esa $100 mlndan oshdi. Yaqin yillarda ushbu ko‘rsatkichni $1 mlrdga yetkazish, savdodagi nomutanosiblikni bartaraf etish, sanoat ko‘rgazmalarini o‘zaro o‘tkazish orqali ikki mamlakat o‘rtasida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni yetkazib berish hajmini oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olindi.

Transport-tranzit sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ushbu muhim yo‘nalish salohiyatidan to‘laqonli foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.

Mamlakat yuklarini tashishda Poti va Batumi portlari infratuzilmasidan faol foydalanish choralariga alohida eʼtibor qaratildi. Gruziyada logistika xabini, unda esa sanoat zonasi va O‘zbekiston mahsulotlari uchun shourum tashkil etish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Davlat rahbari Boku-Tbilisi-Kars temir yo‘lining ishga tushirilganini olqishladi. Uni barpo etilayotgan Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘l magistrali bilan bog‘lash masalasini o‘rganish taklif etildi.

Sanoat kooperatsiyasi hamkorlikning alohida ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi. Kuni kecha o‘tkazilgan qo‘shma biznes forumi natijalariga yuksak baho berildi. Uning yakunlari bo‘yicha 2027-yilgacha mo‘ljallangan Kooperatsiya dasturi imzolandi.

Qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika va energetika tarmoqlari, farmatsevtika, oziq-ovqat va yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish va development, raqamlashtirish, axborot texnologiyalari, raqamli bank hamda turizm sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Loyihaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma Investitsiya jamg‘armasini tashkil etish taklif qilindi.

Madaniy-gumanitar aloqalar faol kengaymoqda. Joriy yilning mart oyida Toshkent shahrida Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

O‘zbekiston prezidenti Gruziya tomoniga Tbilisidagi bog‘lardan biriga buyuk shoir Alisher Navoiy nomini berishga qaror qilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Joriy yilda O‘zbekistonda qo‘shma taʼlim va turizm forumlarini o‘tkazish rejalashtirildi.

Shuningdek, O‘zbekistonning Gruziyadagi elchixonasini taʼsis etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Muzokaralar natijasida erishilgan kelishuvlar ijrosini taʼminlashga qaratilgan qo‘shma “yo‘l xaritasi” tayyorlanadi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston Poti va Batumi portlaridan kengroq foydalanishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.