Tbilisi shahridagi Orbeliani saroyida 2-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev va Gruziya prezidenti Mixail Kavelashvilining muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Parlamentlar, hukumatlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmi $270 mlnga yetdi, qo‘shma loyiha va korxonalar soni ortib bormoqda. Mamlakatda Gruziyaning birinchi raqamli banki — TBC muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Toshkent bilan Tbilisi va Batumi shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning mart oyida O‘zbekiston poytaxtida Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
O‘zaro savdo hajmini, jumladan, Poti va Batumi portlari salohiyatidan samarali foydalanish orqali yana-da oshirish masalalariga ustuvor eʼtibor qaratildi.



Farmatsevtika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika, raqamli texnologiyalar va turizm sohalarida kooperatsiyani rivojlantirish uchun imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.
Ishbilarmonlik, turistik va gumanitar almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish uchun hududlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Mixail Kavelashvilini O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etdi.
30-iyun kuni Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov Gruziyaning Poti erkin iqtisodiy zonasi, konteyner terminallari operatori APM Terminals, Poti New Sea Port hamda Pace Group kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan edi.
Muzokaralarda Poti porti infratuzilmasidan O‘zbekiston yuklariga xizmat ko‘rsatishda yanada samarali foydalanish, eksport-import va tranzit tashuvlari hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi.


Yuklarni qayta ishlash va saqlash xizmatlarini takomillashtirish, logistika zanjirining barqarorligi va raqobatbardoshligini kuchaytirish hamda uzoq muddatli amaliy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Spot, avvalroq, Toshkent viloyatida qiymati $900 mlnlik uchta logistika markazi qurilishi haqida yozgandi.




