Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining buyrug‘i bilan Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Hujjat Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

O‘zgartirishlar oliy ta’limni zamonaviy mehnat bozori talablariga moslashtirish hamda iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlari uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan.

Endilikda bakalavriatda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi:

  • ekologiya va atrof-muhit;
  • yashil iqtisodiyot;
  • iqlim o‘zgarishi;
  • qayta tiklanuvchi energiya;
  • suv resurslarini boshqarish;
  • mobil robototexnika;
  • uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar);
  • barqaror qishloq xo‘jaligi;
  • ekoturizm;
  • temir yo‘l muhandisligi.

Magistraturada esa quyidagi mutaxassisliklar ochildi:

  • xalqaro energetik siyosat;
  • xalqaro suv diplomatiyasi;
  • sirkulyar iqtisodiyot;
  • barqaror moliya;
  • rivojlanish iqtisodiyoti;
  • ekologiya huquqi;
  • xalqaro savdo huquqi;
  • nazariy va muhandislik fizikasi;
  • urbanistika;
  • barqaror shaharsozlik;
  • iqlimga chidamli o‘rmon xo‘jaligi;
  • barqaror turizm va boshqa mutaxassisliklar.

Shuningdek, klassifikatorga boshqa o‘zgartirishlar ham kiritildi. Xususan, bakalavriatdagi “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” yo‘nalishi qayta nomlandi, magistraturadagi “Davlat va harbiy boshqaruv” mutaxassisligi tasdiqlandi hamda 799-pozitsiya klassifikatordan chiqarildi.

Avvalroq Spot magistraturaga qabul boshlangani haqida xabar bergan edi. Talabgorlar hujjatlarni 30-iyulgacha my.edu.uz platformasi orqali topshirishi mumkin.