2025-yil yanvaridan 2026-yilning birinchi yarmigacha Hududgazta’minot tizimida korrupsiyaga qarshi nazorat doirasida qator qonunbuzarliklar aniqlanib, xodimlar va kontragentlarga nisbatan choralar ko‘rildi. Bu haqda Energetika vaziri birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov ma’lum qildi.

Davlat xaridlari bo‘yicha 200 ta kontragent tekshirilib, 180 tasiga ijobiy xulosa berilgan, 20 ta holatda esa manfaatlar to‘qnashuvi yoki boshqa salbiy omillar sabab shartnoma tuzish rad etilgan. Salbiy xulosalarning asosiy sababi — nomzodlarning 50% dan ortig‘i tanlovdagi ish va xizmatlarni ilgari bajarmagan bo‘lishi.

Manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash bo‘yicha 2025-yilda 180 ta ehtimoliy holat bartaraf etilgan. 2026-yil boshidagi yillik deklaratsiyalar tahlilida esa 14 ta real va 726 ta ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi aniqlanib, ular yuzasidan profilaktik choralar ko‘rilgan.

Korrupsiyaga moyilligi yuqori deb baholangan 9 158 nafar xodim bilan yakka tartibdagi profilaktik suhbatlar tashkil etilgan. Shunga qaramay, 2025-yil yanvaridan hozirgacha Hududgazta’minot’ning quyi tizimlarida 59 ta holatda 67 nafar xodim korrupsiyaviy jinoyat ustida qo‘lga olingan.

Vazirlik tahliliga ko‘ra, gazlashtirish jarayonida poraxo‘rlik holatlari sohaning to‘liq raqamlashtirilmagani, korrupsiyaviy xavflar saqlanib qolgani, ayrim iste’molchilarning gaz tarmoqlariga ulanish tartibini yaxshi bilmasligi hamda korrupsiyaga moyil xodimlarga yaratilgan noqonuniy imkoniyatlardan kelib chiqmoqda.

Korrupsion xavflarni kamaytirish uchun gaz tarmoqlariga ulanish va texnik shart berish jarayonlari HGT-onlayn platformasi orqali raqamlashtirildi. Tizimda sun’iy intellekt joriy etilib, u Adliya vazirligi bazalari bilan integratsiya qilindi. Hozircha loyiha Toshkentda sinov tariqasida ishlamoqda.

Noqonuniy pul talab qilish va qoidabuzarliklarni yashirish holatlarining oldini olish uchun E-ma'muriy dasturi ishga tushirilib, 2 478 nafar mahalla gazchisi va 451 nafar muhandis planshetlar bilan ta’minlandi. Dalolatnomalarni qog‘oz shaklida rasmiylashtirishdan voz kechilib, xodimlar bodi-kameralar bilan jihozlanmoqda.

Qarzdorlikni sun’iy kamaytirish bilan bog‘liq korrupsion xavflarni kamaytirish maqsadida eski gaz hisoblagichlarini almashtirish jarayoni ham nazoratga olingan. Hozir mamlakat bo‘yicha 104 215 ta xonadonda eski rusumdagi gaz hisoblagichlari mavjud.

Suyultirilgan gaz ta’minoti sohasida esa Face ID tizimi joriy etilib, 2026-yil martidan boshlab butun mamlakat bo‘yicha ishga tushirildi. 984 nafar gaz ta’minotchisi maxsus planshetlar bilan ta’minlangan va maishiy gaz ballonlari endilikda faqat yuzni tanish tizimi orqali tarqatilmoqda. Shuningdek, suyultirilgan gaz uchun hisob raqami ochish va hujjatlarni rasmiylashtirish Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirilmoqda.

Avvalroq Spot gaz ta’minotidagi tekshiruvlarda 1,44 trln so‘mlik noqonuniy iste’mol fosh etilgani haqida yozgan edi.