Texnikum bitiruvchilari uchun 2-kursdan talabalikka suhbat asosida qabul boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

5-iyuldan texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar uchun oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga suhbat asosida 2-kursdan o‘qishga qabul qilish jarayoni boshlandi.

Arizalar 25-iyulga qadar (shu kuni ham) my.edu.uz platformasi orqali onlayn qabul qilinadi.

Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida abituriyentlardan diplomning asl nusxasi talab etilmaydi — faqat shaxsni tasdiqlovchi ma’lumotlarni kiritish kifoya bo‘lib, zarur ma’lumotlar tizim tomonidan avtomatik ravishda shakllantiriladi

Texnikumni muvaffaqiyatli tamomlaganlar toifasiga o‘qish davrida o‘quv semestrlari yakuniga ko‘ra o‘zlashtirish baholari 5 (a'lo) va 4 (yaxshi) bo‘lgan, biroq baholarining kamida 50%i 5 (tibbiyot yo‘nalishlarida kamida 85%) bo‘lgan bitiruvchilar kiradi.

Suhbat natijalariga ko‘ra, OTT komissiyasi tomonidan tasdiqlangan yakuniy baholash varaqasida suhbat komissiyasi a’zolari qo‘ygan ballarning o‘rtacha ko‘rsatkichi 67 ball va undan yuqori bo‘lsa, abituriyent suhbatdan o‘tgan hisoblanadi hamda to‘lov-kontrakt asosida 2-kursdan talabalikka tavsiya etiladi.

Ushbu tartib oliy harbiy, oliy harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari, Toshkent davlat yuridik universiteti, shuningdek O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy va xususiy OTMlar hamda ularning filiallariga tatbiq etilmaydi.

O‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati bilan bu yerda tanishish mumkin.

Avvalroq Spot magistraturaga qabul boshlangani haqida xabar bergan edi. Talabgorlar hujjatlarni 30-iyulgacha my.edu.uz platformasi orqali topshirishi mumkin.