Yirik media kompaniyalar AQSH bozorida 2030 va 2034-yillardagi futbol bo‘yicha jahon chempionatlarini namoyish etish huquqi uchun kurashga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

CNBC manbalarga tayanib xabar berishicha, kelishuvga Netflix, Disney va Alphabetga tegishli YouTube qiziqish bildirmoqda. Potensial da’vogarlar orasida Amazon va Apple ham bor.

Manbalarga ko‘ra, FIFA va potensial teleradiokompaniyalar o‘rtasidagi muzokaralar yaqin uch oy ichida boshlanishi mumkin.

Shu bilan birga, tashkilot birinchi marta ingliz va ispan tilidagi translyatsiya huquqlarini yagona paketda sotmoqchi. Ilgari bu huquqlar alohida sotilar edi.

Har bir turnir uchun huquqlar $1,5 mlrddan $2 mlrdgacha bo‘lishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun, 2026-yilgi jahon chempionatini ingliz tilida namoyish etish huquqi Fox kompaniyasiga $485 mlnga tushgan, Telemundo esa ispan tilidagi paketni $600 mlnga sotib olgan.

Striming platformalarining qiziqishi nafaqat yangi auditoriyani jalb qilish istagi, balki tomoshabinlar jonli efirda tomosha qiladigan katta sportning qiymati bilan ham izohlanadi.

Netflix uchun jahon chempionati 2027 va 2031-yillardagi ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatlari huquqini qo‘lga kiritgandan so‘ng eng yirik sport aktiviga aylanishi mumkin. Disney, o‘z navbatida, turnirni o‘zining striming xizmatlari, shuningdek, ESPN va ABC orqali namoyish etishi mumkin.

JCH-2030 Marokash, Portugaliya va Ispaniyada, JCH-2034 esa Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadi. Shimoliy Amerikada bo‘lib o‘tayotgan JCH-2026ning rekord darajadagi televizion reytinglari bu qiziqishni yanada kuchaytirmoqda.

U yerdagi alohida o‘yinlar ingliz va ispan tillaridagi translyatsiyalarda allaqachon o‘n millionlab tomoshabinlarni to‘plagan.


Avvalroq Spot 2026-yilgi Jahon chempionati reklama sanoatiga $10,5 mlrd qo‘shimcha daromad keltirishi haqida yozgandi.