9-iyul kuni Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Fransiyaning MEDEF International xalqaro korxonalar harakati huzuridagi O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi, Orano kompaniyasi direktorlar kengashi rahbari Klod Imoven boshchiligidagi yetakchi kompaniyalar vakillari bilan uchrashdi.
“Biz energetika, ta‘lim, suv ta‘minoti tizimi, transport va shahar infratuzilmasi kabi ustuvor sohalarda hamkorlikni kengaytirishni maqsad qilganmiz. Ushbu muzokaralar yaqinda prezident Emmanuel Makron bilan bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muloqotimizning uzviy va mantiqiy davomidir”, — deb ta‘kidladi u.




Shuningdek, Toshkentda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Sherzod Ozodov, Prezidentning yoqilg‘i-energetika kompleksi masalalari bo‘yicha maslahatchisi Behzod Normatov hamda Fransiyaning 17 ta kompaniyasi vakillari ishtirokida O‘zbekiston-Fransiya davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
2025-yil yakuniga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi $1,4 mlrdga yetdi, joriy yilning yanvar-may oylarida esa bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 50% ga o‘sib, $775 mlnni tashkil etdi.
Tomonlar amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining borishini muhokama qildi. Xususan, Fransiyaning EDF kompaniyasining energetika sohasidagi umumiy qiymati $2 mlrdlik loyihalari, Orano‘ning Navoiy viloyatidagi $600 mlnlik sanoat loyihasi hamda Voltalia‘ning quyosh va shamol energetikasi sohasidagi $325 mlnlik loyihalari haqida so‘z yuritildi.



Fransiya delegatsiyasining Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov bilan alohida uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda Orano, IKA Technology, Blue Water Intelligence (BWI), Groupe SNEF va Vinci Construction Grands Projets vakillari qatnashdi.
Asosiy e‘tibor amaliy hamkorlikni kengaytirish, mavjud loyihalar samaradorligini oshirish va yangi investitsiyaviy tashabbuslarni ishga tushirishga qaratildi. Ustuvor yo‘nalishlar qatorida transport infratuzilmasi, energetika, tog‘-kon sanoati, suv resurslarini boshqarish, shuningdek, sun‘iy intellektga asoslangan zamonaviy yechimlarni joriy etish qayd etildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar muntazam muloqotni davom ettirish, yangi loyihalar ustidagi birgalikdagi ishlarni faollashtirish hamda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi investitsiyaviy-texnologik sheriklikni mustahkamlashga kelishib oldi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Fransiya $1,8 mlrdlik oltita energetika loyihasini muhokama qilayotgani haqida yozgandi.






