O‘zbekiston va Fransiya umumiy qiymati $1,8 mlrd bo‘lgan oltita energetika loyihasini amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Vazir Jo‘rabek Mirzamahmudov 8-iyul kuni O‘zbekiston-Fransiya Ishbilarmonlar kengashi raisi Klod Imoven va ushbu mamlakatning O‘zbekistondagi elchisi Ualid Fuk bilan uchrashdi.

Uchrashuvda energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Ayni paytda O‘zbekistonda fransuz kompaniyalari ishtirokida umumiy qiymati $2 mlrdga teng 3 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Shuningdek, qiymati $1,8 mlrdga teng yana 6 ta istiqbolli loyiha bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

Uchrashuvda EDF kompaniyasi bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik alohida e‘tirof etildi. Xususan, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 3,1 GVtdan ortiq bo‘lgan zamonaviy bug‘-gaz elektr stansiyalarini barpo etish loyihalari amalga oshirilmoqda.

TotalEnergies va Voltalia kompaniyalarining O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi yuqori baholandi. Ular quyosh va shamol elektr stansiyalari hamda energiya saqlash tizimlarini barpo etish bo‘yicha loyihalarda ishtirok etmoqda.

Uchrashuv doirasida Fransiyaning energetika va sanoat sohalarida faoliyat yurituvchi qator kompaniyalari o‘z taqdimotlarini o‘tkazdi. Unda zamonaviy texnologiyalar, innovatsion yechimlar, investitsiya imkoniyatlari hamda O‘zbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar taqdim etildi.

Tomonlar zamonaviy energetika infratuzilmasini rivojlantirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlari, magistral elektr tarmoqlari va energiya saqlash tizimlarini barpo etish masalalarini muhokama qildi.

Shu bilan birga, sanoat va gaz transporti infratuzilmasini rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Yaponiya magistral elektr tarmoqlari hamda podstansiyalar qurilishini muhokama qilgani haqida yozgandi.