Prezident farmoni bilan, Dilnozaxon Kattaxonova Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi etib tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Mazkur vazifada ishlab kelgan Zulayho Mahkamova boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.
Kattaxonova ushbu tayinlovga qadar Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.
Z. Mahkamova 2024-yilning noyabridan buyon Bosh vazir o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borayotgandi.
Dilnoza Kattaxanova kim?
Kattaxanova 2010−2016-yillarda O‘zbekiston Milliy universiteti bakalavr va magistraturasida tahsil olgan.
U 2014−2015-yillarda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi apparati Ijtimoiy-huquqiy loyihalar bo‘limi yetakchi mutaxassisida faoliyat olib borgan.
Shuningdek, 2016-yili Yoshlar media markazi tarjimon-muharriri, 2016−2017-yillarda Xotin-qizlar qo‘mitasining Nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi yetakchi mutaxassisi lavozimlarida ishlagan. Shuningdek:
- 2016−2017-yillarda O‘zbekiston Milliy universiteti Xorijiy filologiya fakulteti Qiyosiy tilshunoslik kafedrasida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan.
- 2017−2019-yillarda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining ma‘naviy-ma‘rifiy va ijtimoiy-huquqiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
- 2019-yilda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining o‘rinbosari, besh tashabbusni muvofiqlashtirish kompleksi rahbari bo‘lgan.
- 2019−2020-yillarda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining o‘rinbosari hamda “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi lavozimlarida ishlagan.
- 2020−2023-yillarda Yoshlar ishlari agentligi direktorining o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan.
- 2023-yilda Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi direktorining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
- 2023−2024-yillarda Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
- 2024-yildan buyon Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.
Spot, avvalroq, Sardor Umurzakov Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori etib tayinlangani haqida yozgandi.