10-iyuldan boshlab oliy ma‘lumotga ega shaxslar uchun bakalavriat ta‘lim yo‘nalishlarida ikkinchi va undan keyingi oliy ma‘lumot olish bo‘yicha arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma‘lum qildi.

Arizalar 10-avgustga qadar (shu kuni ham) my.edu.uz platformasi orqali onlayn shaklda qabul qilinadi.

Ariza topshirish uchun fuqarolik pasporti yoki ID-karta ma‘lumotlari, bakalavr diplomi va uning ilovasining elektron nusxasi, shuningdek, o‘qish istalgan oliy ta‘lim tashkiloti hamda ta‘lim yo‘nalishini tanlash talab etiladi.

Shuningdek, xorijiy OTMlar tomonidan 1992-yil 1-yanvardan keyin berilgan diplomlar belgilangan tartibda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lishi kerak.

Vazirlikning qayd etishicha, ikkinchi va undan keyingi oliy ta‘lim bo‘yicha qabul parametrlari har bir oliy ta‘lim tashkiloti tomonidan uning ilmiy-pedagogik salohiyati hamda moddiy-texnik bazasidan kelib chiqib mustaqil belgilanadi.

Ikkinchi va undan keyingi oliy ta‘limda o‘qish to‘liq to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Spot, avvalroq, texnikum bitiruvchilari uchun OTMga 2-kursdan qabul boshlangani haqida yozgandi.