Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik bilan uchrashdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda xalqaro standartlar asosida yo‘lga qo‘yilayotgan mehnat migratsiyasi tizimi, xorijiy mehnat bozorlarini diversifikatsiya qilish, nomzodlarni tayyorlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi.

Tomonlar AQSHda qishloq xo‘jaligi sohasida ishlash bo‘yicha pilot loyihalarning borishi va hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari yuzasidan fikr almashdi.

AQSH elchisi qonuniy mehnat migratsiyasi doirasida nomzodlarni ish joyi, mehnat va yashash sharoitlari, xarajatlar, ko‘rsatiladigan yordam hamda O‘zbekistonga qaytish muddati haqida oldindan to‘liq xabardor qilish muhimligini ta‘kidladi.

Shuningdek, hujjatlarni belgilangan talablar asosida rasmiylashtirish hamda nomzodlarning viza va migratsiya tarixini oldindan o‘rganish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Uchrashuv yakunida Migratsiya agentligi va AQSH elchixonasining konsullik xizmati o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ma‘lumot almashish hamda ish beruvchilar bilan suhbat va hujjat topshirish jarayonlarini oldindan muvofiqlashtirishga kelishib olindi.

Spot, avvalroq, AQSH o‘zbekistonliklarni 10 oygacha mavsumiy ishlarga jalb qilishi haqida yozgandi.