O‘zbekistonliklar AQSHdagi o‘n oygacha bo‘lgan mavsumiy ishlarga jalb qilinishi mumkin. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.
Amerikaning USA Farm Labor kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Manuel Fik birinchi Toshkent xalqaro migratsiya forumi doirasida mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish masalasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Uning qayd etishicha, kompaniya O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda fuqarolar uchun qishloq xo‘jaligi sohasidagi H-2A dasturida qatnashish imkonini kengaytirish ustida ish olib bormoqda. Manuel Fik bu AQSHdagi ish beruvchilar uchun ishchi kuchi yetishmasligi muammosini bartaraf etishga, o‘zbekistonlik ishchilarga esa xorijda ishlab, daromad topish va turmush sharoitini yaxshilash imkonini berishini ta’kidladi.
“AQSH mehnat huquqlarini himoya qilish sohasida kuchli tizimga ega. Mamlakatda mehnatkashlar xavfsizligini ta’minlash, ekspluatatsiyaning oldini olish va inson savdosiga qarshi kurashishga qaratilgan qonunlar va mexanizmlar amal qiladi. Shu bois, AQSHga mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari uchun 10 oygacha yoki belgilangan muddatda boradigan o‘zbekistonlik ishchilar munosib mehnat sharoitlari va zarur huquqiy kafolatlarga ega bo‘ladi”, — dedi u.

Shu bilan birga, USA Farm Labor asoschisi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik faqat iqtisodiy samara beribgina qolmasdan, o‘zaro tajriba, bilim va kasbiy ko‘nikmalar almashinuvini kuchaytirishini bildirdi.
Bundan tashqari, amerikalik ish beruvchilar O‘zbekistondan yosh, mehnatkash va ingliz tilini biladigan malakali ishchilarni jalb qilishdan manfaatdor. Bu AQSHning mavsumiy qishloq xo‘jaligi mehnat bozori uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
AQSHda ish
Yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqovga mamlakatni mavsumiy ishchilar jalb qilinadigan davlatlar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni topshirgan edi.
Mart oyida Migratsiya agentligi O‘zbekiston fuqarolarini AQSHga mavsumiy ishlarga yuborish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Dastur ishtirokchilari AQSH fermalari va rancholarida 9−10 oy davomida oyiga taxminan $3500 maosh bilan ishlashlari mumkin bo‘ladi.
Undan keyin O‘zbekiston AQSHdagi mavsumiy ishlar bo‘yicha dastlabki talabnomalarni oldi. Migratsiya agentligi fuqarolarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaatlari natija bermasligi, tanlov faqat rasmiy tartibda o‘tkazilishini bildirdi.
May oyida bir qator AQSH tashkilotlari bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishildi. Tomonlar tibbiyot xodimlari, yuk mashinasi haydovchilari hamda mavsumiy ishchilarni tayyorlash va ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik qiladi.
Avvalroq Spot Qatar Airways O‘zbekistondan 1600 dan ortiq mutaxassisni ishga olishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.