Hukumat qarori bilan ochiq turdagi kollektor-drenaj tarmoqlarini yopiq-yo‘tiq drenajlarga aylantirish hamda buning natijasida hosil bo‘ladigan suv fondi yer uchastkalarini tadbirkorlarga ijaraga berish tartibi tasdiqlandi.

Yangi tartibga ko‘ra, tuman va shahar hokimliklari suv obyektini balansda saqlovchi tashkilotlar bilan birgalikda hosil bo‘ladigan suv fondi yer uchastkalarini tadbirkorlik faoliyati uchun elektron onlayn auksion orqali ijaraga berishyuzasidan Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi yoki viloyat hokimliklariga murojaat qiladi.

Elektron onlayn auksion g‘olibi ochiq kollektor-drenaj tarmoqlarini loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan parametrlarga muvofiq yopiq-yo‘tiq drenajlarga aylantirish bo‘yicha qurilish-montaj ishlarini amalga oshiradi.

Shuningdek, u ijaraga berilgan hududdagi yopiq drenajlarni soz holatda saqlash va ularni joriy ta‘mirlash uchun mas‘ul bo‘ladi.

Bunda ochiq kollektor-drenaj tarmoqlarini yopiq-yo‘tiq drenajlarga aylantirish natijasida hosil bo‘ladigan suv fondi yer uchastkalarining yer toifasini o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yer ijarasi muddati 49 yilgacha uzaytirilishi haqida yozgandi.