Vazirlar Mahkamasi 16-iyul kuni bond omborlarini tashkil etish va ulardan tovarlarni sotish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Qaror Lex.uz saytida e’lon qilindi.
Hujjat bond omborini tashkil etish, uning hududida joylashtiriladigan tovarlarni bojxona nazorati va rasmiylashtirishning vaqtinchalik tartibini belgilaydi. Shuningdek, unda bond omborlariga qo‘yiladigan talablar ko‘rsatiladi.
Bond ombori import tovarlarni “erkin ombor” rejimida bojxona nazorati ostida saqlash va ularni keyinchalik maxsus elektron savdo maydonchalari (marketpleyslar) orqali jismoniy shaxslarga sotish uchun mo‘ljallangan.
Bond ombori hududida tovarlarni saqlashdan tashqari ularni sotishga tayyorlash va tashish bilan bog‘liq quyidagi operatsiyalarga ruxsat etiladi:
- saralash;
- partiyalarni shakllantirish;
- qadoqlash va qayta qadoqlash;
- markalash (aksiz markalaridan tashqari);
- oddiy yig‘ish va hokazo.
Bond ombori qanday ishlaydi?
Bond omborini erkin ombor faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lgan va obyektni bond omborlari reyestriga kiritgan kompaniya tashkil etishi mumkin. Reyestrni yuritish uchun Bojxona qo‘mitasi javob beradi.
Bond ombori kamida 15 ming kvadrat metr maydonga ega bo‘lishi va bojxona organlari bilan integratsiyalashgan elektron hisobga olish tizimidan foydalanishi kerak. Operator marketpleys bilan hamkorlik yoki sheriklik to‘g‘risida shartnoma tuzishi kerak.
Omborni reyestrga kiritish mulkdorning arizasi va belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida amalga oshiriladi. Bojxona qo‘mitasi arizani 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqib, omborni reyestrga kiritish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Import tovarlari bond omboriga yetkazilgach, ularning egasi 15 kun ichida tovarlarni “erkin ombor” bojxona rejimiga joylashtirish uchun yuk bojxona deklaratsiyasini topshirishi kerak. Deklaratsiyada quyidagilar ko‘rsatiladi:
- 1-grafada (deklaratsiya turi) — birinchi bo‘limda “IM”, ikkinchi bo‘limda 73 kodi, uchinchi bo‘limda “BO”;
- 31-grafada (yuk joylari va tovar tavsifi) — har bir tovarning TIF TN kodi;
- 49-grafada (ombor nomi) — erkin ombor litsenziyasining raqami va berilgan sanasi.
Shuningdek, bond omboriga joylashtiriladigan tovarlar deklaratsiyasida ularning soni chakana savdo uchun o‘lchov birliklarida (dona, juft, komplekt) ko‘rsatilishi talab etiladi. Bond omborlariga tortib yoki quyib sotiladigan tovarlarni joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Deklaratsiya bojxona organlari tomonidan xavflarni boshqarish tizimida belgilangan yo‘laklar asosida rasmiylashtiriladi.
Bond omborlaridagi tovarlarga nisbatan notarif tartibga solish choralari qo‘llanilmaydi, shuningdek ruxsatnomalar mavjudligi tekshirilmaydi (fitosanitariya nazoratidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan tovarlar bundan mustasno).
Tovarlar qanday sotiladi?
Bond omborlaridagi tovarlarni faqat Istiqbolli loyihalar milliy agentligining maxsus elektron savdo platformalari reyestriga kiritilgan kompaniyalar sotishi mumkin. Buning uchun ular quyidagi talablarga javob berishi kerak:
- O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxs bo‘lishi;
- shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya qilishi;
- onlayn yoki virtual kassaga ega bo‘lishi;
- O‘zbekiston bo‘ylab yuk tashish uchun o‘z avtoparkiga ega bo‘lishi yoki yetkazib berish xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilot bilan shartnoma tuzgan bo‘lishi;
- bojxona omboriga ega bo‘lishi yoki bojxona ombori operatori bilan ombor xizmatlari bo‘yicha shartnoma tuzgan bo‘lishi;
- buyurtma topshirish punktlari, operatsion omborlar (saralash markazlari) va boshqa logistika infratuzilmasi tarmog‘iga ega bo‘lishi.
Marketpleysni maxsus elektron savdo platformalari reyestriga kiritish haqidagi arizani Istiqbolli loyihalar milliy agentligi 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi.
Platforma uchinchi tomon sotuvchilari nomidan agent (subagent yoki komissioner) sifatida ham, tovarlarni mustaqil sotuvchi sifatida ham faoliyat yuritishi mumkin. Uchinchi tomon sotuvchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish talablari platformalarning o‘zi tomonidan belgilanadi.
Tovar jismoniy shaxsga sotilganda, u bond omboridan ombor egasi yoki bojxona brokeri rasmiylashtirgan jo‘natish deklaratsiyasi asosida chiqariladi. Tovarni chiqarishga marketpleys barcha belgilangan bojxona to‘lovlarini to‘liq to‘lagandan keyin ruxsat beriladi.
Sotilgan tovar jo‘natish deklaratsiyasi rasmiylashtirilganidan so‘ng 3 kun ichida bond omboridan olib chiqilishi kerak.
Agar bond omboriga joylashtirilgan tovar 2 yil ichida sotilmasa, u quyidagi bojxona rejimlaridan biriga o‘tkaziladi: reeksport, yo‘q qilish, davlat foydasiga voz kechish yoki erkin muomalaga chiqarish. Oxirgi holatda tovar egasi bojxona to‘lovlarini umumiy tartibda to‘lashi shart.
Shavkat Mirziyoyev 13-apreldagi qarori bilan 1-iyuldan import mahsulotlarini vaqtincha saqlash uchun bond omborlari tizimini joriy etish bo‘yicha ikki yillik huquqiy eksperimentni boshlashni belgilagan. U orqali marketpleyslar tovarlarni aholiga shaxsiy ehtiyojlari uchun sotishi mumkin.
Yangi tizimda ayrim tovarlar uchun alohida bojxona to‘lovlari qo‘llanadi. Jumladan, smartfon, noutbuk, planshet va ayrim elektr jihozlari uchun yagona bojxona to‘lovi 5%, kiyim-kechak, poyabzal, o‘yin konsollari va ayrim boshqa tovarlar uchun esa 3% etib belgilangan.
Avvalroq Spot Ozon o‘zbekistonlik sotuvchilarga komissiyalarni 2 baravar kamaytirib, hisob-kitoblarni so‘mga o‘tkazgani haqida yozgandi.