Raqobat qo‘mitasi bloger Nurbek Sobirovga nisbatan reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni buzgani uchun ish qo‘zg‘atganini ma‘lum qildi.
Nazorat organi blogerning Instagram profilidagi e‘lonlarga e‘tibor qaratdi. Idora ma‘lumotlariga ko‘ra, ayrim materiallarda alkogolli ichimliklarning noqonuniy reklamasi mavjud bo‘lgan.
“Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 38 va 39-moddalariga muvofiq, O‘zbekistonda faqat mahalliy ishlab chiqarilgan pivo va vinoni muayyan vaqtda, belgilangan shaklda hamda auditoriya uchun cheklovlarga rioya qilgan holda reklama qilishga ruxsat etiladi. Boshqa turdagi alkogol mahsulotlarini targ‘ib qilish taqiqlanadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda alkogolli mahsulotlarning har qanday reklamasi taqiqlangani alohida qayd etilgan.
Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, Sobirov taqiqlangan mahsulotlarni reklama qilgani yuzasidan maʼmuriy javobgarlikka tortildi. Ish materiallari keyingi ko‘rib chiqish uchun sudga yuborildi.
“Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 2022-yilda qabul qilingan amaldagi tahriri O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan pivo, tabiiy va ko‘pikli vinolarni quyidagi muayyan joylarda reklama qilishga ruxsat beradi:
- mazkur ichimliklar sotiladigan mehmonxonalar, do‘konlar, umumiy ovqatlanish korxonalari zallarida, shuningdek ularni namoyish qilish va tatib ko‘rish joylarida;
- poyezdlar va samolyotlarda;
- tele va radiokanallarda (faqat 23:00 dan 7:00 gacha);
- ichimliklar ishlab chiqaruvchilari va sotuvchilarining rasmiy veb-saytlarida — yosh tasnifi ko‘rsatilgan holda.
Reklama materiallariga alkogolli ichimliklarni me‘yordan ortiq iste‘mol qilishning zarari to‘g‘risidagi ogohlantirish ilova qilinishi kerak. Ularning iste‘mol qilinishini ko‘rsatish yoki inson obrazlaridan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Spot, avvalroq, 20 dan ortiq bank va mikromoliya tashkiloti chalg‘ituvchi reklama uchun jarimaga tortilgani haqida yozgandi.