Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudida Rayxon oilaviy milliy taomlari ta‘sischisi Odilxon Ismoilov va yana olti kishiga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud xabar berdi.
Sud hukmiga ko‘ra, yetti nafar sudlanuvchi quyidagi jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi:
- 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi;
- 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi;
- 227-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi “a” bandi;
- 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “a”, “b” bandlari.
Odilxon Ismoilovga 8 yil (JKning 62-moddasiga muvofiq hisoblanganda 7 yil 11 oy 28 kun) muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Qolgan olti nafar sudlanuvchiga esa qilmishidan kelib chiqib turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.
Shuningdek, jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zararni sudlanuvchilardan solidar tartibda undirish belgilandi.
Birinchi instansiya sudi hukmi ustidan qonunda belgilangan tartibda apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati berilishi mumkin.
Spot, avvalroq, firibgarlik va o‘zlashtirish uchun sudlanganlar zarar qoplangachgina muddatidan oldin ozod etilishi haqida yozgandi.