Prezident Shavkat Mirziyoyev ichimlik va oqova suv xizmatlarini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Unda so‘nggi yillarda sohaga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 karra oshib, $2,7 mlrdga yetgani qay etildi. Natijada aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 2017-yildagi 63% dan qariyb 83% ga ko‘tarildi.

Mazkur davrda 7,7 mln aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlandi, 11 mln aholining suv taʼminoti yaxshilandi, yana 1,1 mln kishi kanalizatsiya tizimiga ulandi.

39 ming kilometr ichimlik suvi va 3,2 ming kilometr oqova suv tarmoqlari qurilib, rekonstruksiya qilindi. 3,4 mingta ichimlik suvi inshooti, 295 ta oqova suv inshooti va nasos stansiyasi barpo etildi yoki yangilandi.

Kelgusi yillarda ichimlik suvi taʼminotini 90% ga, shaharlarda kanalizatsiya xizmati qamrovini 80% ga yetkazish maqsad qilingan. Buning uchun qo‘shimcha $1,3 mlrd investitsiya jalb etilishi ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbari erishilgan natijalar bilan birga loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish, mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash hamda bartaraf etish tizimi hali talab darajasida emasligini ko‘rsatib o‘tdi.

Xususan, Andijon shahridagi kanalizatsiya tizimida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish uchun 107 mlrd so‘m ajratildi. Sergeli tumanida yoqimsiz hid tarqalishining oldini olish maqsadida zamonaviy filtrlarni o‘rnatish ishlari boshlandi.

Surxondaryo viloyati aholisini To‘palang suv omboridan ichimlik suvi bilan taʼminlash loyihasi doirasida Termiz shahrigacha tarmoq tortib kelindi. Yil yakuniga qadar Sherobod, Muzrabot, Angor va Jarqo‘rg‘on tumanlariga ham suv yetkazib berilishi belgilandi.

Taqdimotda hududlardagi eng dolzarb masalalarni hal qilishga qaratilgan aniq vazifalar ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, 513 ta mahallaga markazlashgan ichimlik suvini olib borish, yana 3 mingta mahallada taʼminot sifatini yaxshilash zarurligi taʼkidlandi.

Ichimlik suvini xonadongacha yetkazish ishlarini to‘liq yakunlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda 232 mingta suv kolonkasi o‘rniga tarmoqlarni bevosita uylargacha tortish ko‘zda tutilgan.

Yil yakuniga qadar umumiy qiymati $600 mlnlik ishlar amalga oshiriladi. Ularning doirasida 1,6 ming kilometr ichimlik suvi va 387 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i, 80 ta suv hamda 29 ta oqova suv inshooti quriladi.

Natijada 107 ta mahalladagi 310 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanadi, 453 ta mahallada istiqomat qiluvchi 2,5 mln aholi uchun suv taʼminoti yaxshilanadi.

Qashqadaryo viloyatida “Hisorak” suv omboridan ichimlik suvi olib kelish loyihasini jadallashtirish vazifasi qo‘yildi. Qiymati $217 mln bo‘lgan ushbu loyiha Qamashi, G‘uzor va Qarshi tumanlari hamda Qarshi shahridagi 1,1 mln aholining ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash imkonini beradi.

Mutasaddilarga loyihaning texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari ekspertizasini qisqa muddatda yakunlash va moliyalashtirish manbasini aniqlash topshirildi.

Shuningdek, Farg‘ona, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida ichimlik va oqova suv tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha qarz va grant bitimlarini imzolash, poytaxtda yangi kanalizatsiya inshootini qurish loyihasi yuzasidan yakuniy xulosa kiritish vazifalari belgilandi.

1-sentabrga qadar umumiy qiymati $317 mlnlik 6 ta loyiha bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan muzokaralarni yakunlash va moliyalashtirish manbalarini belgilash zarurligi qayd etildi.


Avvalroq Spot 2030-yilgacha 997 mlrd so‘mga 5 ta sel-suv ombori qurilishi rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.