Samsung kompaniyasi Galaxy Unpacked taqdimotida yangi buklanadigan smartfonlar qatorini taqdim etdi. Bu haqda kompaniya saytida ma’lum qilindi.
Qatorga uchta qurilma kiritilgan — gorizontal buklanadigan Galaxy Z Fold 8, shuningdek, vertikal buklanadigan Z Fold 8 Ultra va Z Flip 8. Uchala qurilma ham One UI 9 qobig‘i bilan Android 17 da ishlaydi. Oldindan buyurtmalar hozirda ochiq.
Galaxy Z Flip 8
Galaxy Z Flip 8 buklanuvchi smartfoni ikkita AMOLED displey bilan jihozlangan: 6,9 dyuymli (1080×2520, FHD+) asosiy ekran va 4,1 dyuymli tashqi ekran. Qurilma Samsung Exynos 2600 protsessori hamda 12 GB tezkor xotira bilan ishlaydi.

Smartfonga 50 MP asosiy, 12 MP ultra keng burchakli va 10 MP old kamera o‘rnatilgan. Unda Super Steady videotasvirga olish hamda Flex Mode rejimi mavjud.
FlexWindow funksiyasi esa tashqi ekranda mos ilovalardan foydalanish va telefon yopiq holatda asosiy kamera orqali selfi olish imkonini beradi.
Qurilma 5G, Bluetooth 5.4 va Wi-Fi 7 texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. 4300 mA·soat sig‘imli batareya tezkor quvvatlash yordamida 30 daqiqada 55 foizgacha quvvatlanadi. Smartfonning vazni 180 gramm, yopiq holatdagi qalinligi esa 13,1 mmni tashkil etadi.
Galaxy Z Flip 8 256 GB va 512 GB xotira variantlarida, grafit kulrang, oq, pushti va yalpiz-yashil ranglarda taqdim etiladi. Uning boshlang‘ich narxi $1200 dan boshlanadi.
Galaxy Z Fold 8
Galaxy Z Fold 8 7,6 dyuymli (1848×2448, QXGA+) asosiy va 5,5 dyuymli tashqi displey bilan jihozlangan. Har ikki ekran Dynamic AMOLED texnologiyasiga ega bo‘lib, 120 Gts gacha yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Qurilma Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori va 4800 mA·soat sig‘imli ikki qismli batareya bilan jihozlangan. Unda 50 MP asosiy, 50 MP ultra keng burchakli, 10 MP tashqi selfi va 10 MP ichki kamera mavjud.
Smartfon 5G, LTE, Wi-Fi 7 va Bluetooth 6 texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. U 12 GB + 256/512 GB hamda 16 GB + 1 TB xotira variantlarida taqdim etiladi. Qurilmaning vazni 201 gramm, yopiq holatdagi qalinligi esa 9,7 mmni tashkil etadi.
Galaxy Z Fold 8 grafit kulrang, oq, lavanda va pista-yashil ranglarda sotuvga chiqariladi. Uning boshlang‘ich narxi $1900 ni tashkil etadi.
Galaxy Z Fold 8 Ultra
Flagman model 8 dyuymli (2504×2256) asosiy va 6,5 dyuymli tashqi displey bilan jihozlangan. U ham Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessorida ishlaydi.
Qurilmaning asosiy kamerasi 200 MP keng burchakli, 50 MP ultra keng burchakli va 3 karra optik zumga ega 10 MP teleobyektivdan iborat. Shuningdek, asosiy va tashqi ekranlarda 10 MPdan ikkita selfi kamerasi o‘rnatilgan.

Galaxy Z Fold 8 Ultra 5000 mA·soat sig‘imli batareyaga ega bo‘lib, tezkor quvvatlash orqali 30 daqiqada 67 foizgacha quvvatlanadi. Qurilma 5G, LTE, Wi-Fi 7 va Bluetooth 6 texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Uning vazni 215 gramm, yopiq holatdagi qalinligi esa 8,9 mmni tashkil etadi.
Smartfon grafit kulrang, oq, to‘q binafsha va to‘q yashil ranglarda taqdim etiladi. Uning boshlang‘ich narxi $2100 ni tashkil qiladi.
Barcha yangi Galaxy smartfonlari Gemini Intelligence asosidagi sun’iy intellekt funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Jumladan, Gemini Notebook foydalanuvchilarga qaydlar, rasmlar, hujjatlar va boshqa fayllarni bitta ish maydonida jamlash, shuningdek diagrammalar, hisobotlar va qisqacha xulosalar yaratish imkonini beradi.
Now Brief funksiyasi foydalanuvchining qiziqishlari va kundalik ehtiyojlariga qarab vazifalar hamda bildirishnomalarni bir joyga jamlaydi. Now Nudge esa yozishmalarni tahlil qilib, uchrashuvni taqvimga qo‘shish yoki kerakli manzilni qidirish kabi amallarni tavsiya qiladi.
Avvalroq Spot Samsung kamera va Gemini yordamchisiga ega aqlli ko‘zoynakni taqdim etgani haqida yozgandi.
Kompaniya hozircha aqlli ko‘zoynakning aniq narxi, displey xususiyatlari va sotuv boshlanish sanasini oshkor qilmadi.