Adliya vazirligi “Barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimini taqdim etish tartibi to‘g‘risida"gi nizomga kiritilgan o‘zgartirishlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Hujjat bilan maxsus huquqiy rejim doirasida barqaror tokenlarni milliy va xorijiy valyuta bilan bir qatorda O‘zbekistonning davlat qimmatli qog‘ozlari bilan ta‘minlagan holda chiqarish tartibi belgilandi.
Unga ko‘ra, ta‘minot sifatida Markaziy bankdagi alohida hisobvaraqda zaxiraga qo‘yilgan milliy va xorijiy valyutadagi mablag‘lar, shuningdek, emitentga tegishli hamda Markaziy depozitariy tomonidan Markaziy bank foydasiga bloklangan davlat qimmatli qog‘ozlaridan foydalanish mumkin.
Bunda emitent bloklangan davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha daromad olish huquqini saqlab qoladi.
Shuningdek, alohida hisobvaraqdagi mablag‘lar qoldig‘i va bloklangan davlat qimmatli qog‘ozlarining nominal qiymati muomaladagi tokenlarning umumiy nominal qiymatidan kam bo‘lmasligi kerak.
Barqaror tokenlar ta‘minotini shakllantirish uchun kreditlar, garovga olingan aktivlar yoki boshqa jalb qilingan mablag‘lardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda steyblkoinlar uchun “qumdon” joriy etilgani, kimlar token chiqarishi mumkinligi haqida yozgandi.