Toshkent shahrida kottej savdosi bilan bog‘liq tovlamachilik holati fosh etildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Aniqlanishicha, 1979-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs va uning 1988-yilda tug‘ilgan ukasi Toshkent tumanida qurilgan kottejni $66 mingga sotib olishga kelishgan.
Dastlab ular uy egasiga $30 ming bergan, qolgan $36 mingni esa olti oy ichida to‘lashga va‘da qilgan.
Shundan so‘ng, 2022-yil may oyida kottej 1976-yilda tug‘ilgan akasi nomiga notarial tartibda rasmiylashtirilgan.
Biroq keyinchalik aka-uka qolgan pulni bermasligini aytib, mablag‘ni talab qilgan fuqaroga nisbatan tazyiq o‘tkazish bilan qo‘rqitgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchilar qo‘lga olindi.
Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Spot, avvalroq, Toshkentda bir sotix yer narxi 301 mln so‘mgacha pasaygani haqida yozgandi.