2026-yilning birinchi choragida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida faollik sezilarli darajada oshdi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, yanvar-mart oylarida ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni 110,1 mingtani tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 48,4% ga ko‘p. Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish Toshkent shahri (64%), Sirdaryo (67%), Andijon (56%) va Navoiy (52%) viloyatlarida qayd etildi.

Oylar bo‘yicha eng ko‘p bitim mart oyida tuzilgan bo‘lib, ularning soni 2025-yil martiga nisbatan ikki barobardan ko‘proq oshdi.

Markaziy bank buni 1-apreldan eskrou tizimi joriy etilishi arafasida xaridor va sotuvchilar yangi tartib kuchga kirishidan oldin shartnomalarni tezroq rasmiylashtirishga harakat qilgani bilan izohladi.

Shu davrda ipoteka kreditlari hajmi ham oshdi. Birinchi chorakda aholiga 5,7 trln so‘mlik ipoteka krediti ajratildi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29% ko‘p.

Aholining real daromadlari o‘sishi biroz sekinlashgan bo‘lsa-da, chorak yakunida 7,8% ni tashkil etdi. Markaziy bank ushbu omillar uy-joy bozorida barqaror talabni saqlab qolayotganini qayd etdi.

Uy-joy qurilishi hajmi oshdi

Uy-joy qurilishida ham ijobiy dinamika saqlanib qoldi. Yanvar-mart oylarida foydalanishga topshirilgan uy-joylarning umumiy maydoni 3,3 mln kvadrat metrni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 6,6% ga oshdi.

O‘sish asosan yakka tartibdagi uylar qurilishi hisobiga ta’minlandi. Ushbu segmentdagi qurilish hajmi 6,8% ga ko‘paydi.

Ko‘p qavatli uy-joylar segmentida esa o‘sish nisbatan sust bo‘ldi. Markaziy bank bunga yirik turar joy majmualarining foydalanishga topshirilish muddatlari ta’sir qilayotganini ta’kidladi.

Bundan tashqari, qurilishga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar ulushi ham oshdi. Agar 2025-yilning birinchi choragida qurilish investitsiyalari jami investitsiyalarning 7,4%ini tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 10,8% ga yetdi.

Regulyator bunga uy-joy va infratuzilma loyihalariga investitsiyalar faollashgani sabab bo‘lganini qayd etdi.

Narxlar o‘sishda davom etdi

Uy-joy bozorida sotuvga qo‘yilgan e’lonlar soni nisbatan barqaror bo‘lib, birinchi chorak oxirida 118 mingtani tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 125 ming bo‘lgan.

Bozordagi yuqori faollik narxlarda ham aks etdi. Mart oyida birlamchi bozorda uy-joy narxlari dollar hisobida 8,1% ga, so‘m hisobida esa 1,8% ga oshdi. Ikkilamchi bozorda narxlar yanada tezroq ko‘tarildi: uy-joylar dollarda 9,4% ga, so‘mda esa 3% ga qimmatlashdi.

ko‘chmas mulk, narxlar, toshkent shahri, uy-joy, ijara, uy-joy savdosi

Ijara bozorida ham o‘sish davom etdi. Mamlakat bo‘yicha mart oyida ijara narxlari dollarda 9,5% ga, so‘mda esa 3,1% ga oshdi. Toshkentda esa ijara narxlari nisbatan sekinroq o‘sdi — dollar hisobida 6,9%, so‘m hisobida esa 0,6%.

Shu bilan birga, yer uchastkalari narxlarida pasayish kuzatilmoqda. Birinchi chorak yakuniga ko‘ra, poytaxtda bir sotix yerning o‘rtacha narxi 301 mln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,4% ga kamaydi.

ko‘chmas mulk, narxlar, toshkent shahri, uy-joy, ijara, uy-joy savdosi

Markaziy bank bunga shahar markazidan uzoqroq hududlarda yer uchastkalari taklifining ortib borayotgani sabab bo‘layotganini ta’kidladi.

Avvalroq Spot iyun oyida Toshkentda uy-joy narxlari qanday o‘zgargani haqida yozgan edi.