Adliya vazirligi banklarning moliyaviy ahvolini tiklash rejasiga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Nizom bilan banklarning moliyaviy ahvolini tiklash rejasining mazmuni va uni yangilashga qo‘yiladigan talablar, shuningdek, rejani Markaziy bankka taqdim etish hamda baholash tartibi belgilandi.
Tiklash rejasi bankning kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Bankning ichki audit xizmati yiliga kamida bir marta rejaning ishlab chiqilishi, yangilanishi hamda amalga oshirilishini mustaqil baholaydi.
Tiklash rejasi boshqaruvga oid ma‘lumotlar, strategik tahlil, tiklash ko‘rsatkichlari va chora-tadbirlari, tiklash ssenariylari, kommunikatsiya tartibi hamda rejani amalga oshirishga qaratilgan tayyorgarlik choralarini o‘z ichiga oladi.
Bank tiklash rejasini har yili yoki uning tashkiliy tuzilmasi, faoliyati yoxud moliyaviy ahvolida rejaga ta‘sir qilishi mumkin bo‘lgan sezilarli o‘zgarishlardan keyin yangilashi lozim.
Nizom 2026-yil 13-avgustda 3924-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Mazkur qaror rasmiy e‘lon qilingan kundan e‘tiboran uch oy o‘tib kuchga kiradi.
Spot, avvalroq, Markaziy bank kredit reklamalari va shartnomalarida ogohlantirishlarni majburiy qilishni taklif etayotgani haqida yozgandi.