iPhone 18 Pro uchun xotira Apple’ga o‘tgan yilgi modellarga qaraganda 400% qimmatroqqa tushadi. Bu haqda 9to5Mac TrendForce tahliliy agentligiga tayanib xabar berdi.
Kutilishicha, 2026-yilning uchinchi choragida 256 GB xotirali iPhone 18 Pro uchun xotira xarajatlari qariyb to‘rt baravarga oshadi.
Apple boshqa ehtiyot qismlar narxini pasaytirish bo‘yicha kelishishga urinmoqda, biroq bu ishlab chiqarish xarajatlarining oshishini to‘liq qoplay olmaydi.
Shunga qaramay, kompaniya xarajatlarning barchasini xaridorlar zimmasiga yuklamoqchi emas. Tahlilchilarga ko‘ra, yangi smartfonning chakana narxi o‘tgan yilgi iPhone 17 Pro’ga nisbatan taxminan $100 ga oshishi mumkin.
Mutaxassislar narxning keskin oshishi foydalanuvchilarni smartfonlarini kamroq yangilashga undashi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Sotuvlar o‘sishini saqlab qolish uchun Apple xarajatlarning bir qismini o‘z servislaridan tushadigan daromad hisobidan qoplashni rejalashtirmoqda.
Iyun oyida kompaniya aksariyat mahsulotlari narxini oshirishini e’lon qilgan va bu qarorni majburiy chora deb atagan edi.
O‘sha paytda amaldagi smartfonlar narxi o‘zgarmagandi, biroq narxlar yaqin vaqt ichida qayta ko‘rib chiqilishi kutilayotgandi.
Avvalroq Spot Apple yangi mahsulotlarining taqdimot sanasi ma’lum bo‘lgani haqida yozgandi.
Yangi mahsulotlar taqdimoti 9-sentabr kuni o‘tkazilib, unda iPhone 18 smartfonlar qatori namoyish etilishi kutilmoqda.