Hukumat qarori bilan O‘zbekiston akkreditatsiya markazi davlat muassasasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Nizom bilan markazning maqomi, asosiy vazifa va funksiyalari hamda faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi.
Markazning asosiy vazifalaridan biri muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish hisoblanadi.
Shuningdek, u xalqaro va milliy akkreditatsiya organlari bilan hamkorlik qiladi, sohaga xalqaro standartlar va texnik reglamentlarni joriy etadi.
Markaz o‘z vakolati doirasidagi masalalar bo‘yicha respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari faoliyatini belgilangan tartibda muvofiqlashtirish huquqiga ega.
Bundan tashqari, u zarur statistik ma‘lumotlarni statistika organlaridan bepul olishi mumkin.
Markaz direktorini Vazirlar Mahkamasi Prezident Administratsiyasi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi.
Spot, avvalroq, sanoat xavfsizligi ekspert tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish reglamenti tasdiqlangani haqida yozgandi.