2026-yil 26-dekabrdan Toshkent va Mavrikiy o‘rtasida ilk bor to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Yangi yo‘nalishni ishga tushirish masalasi Toshkentda O‘zbekiston va Mavrikiy turizm biznesi vakillari ishtirokidagi bugungi uchrashuvda muhokama qilindi. Uchrashuvni Prestige Travel kompaniyasi Turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etdi.

Tomonlar qo‘shma turizm loyihalarini rivojlantirishga kelishib oldi. Yangi yo‘nalish, shuningdek, Qozog‘iston, Rossiya va boshqa MDH davlatlaridan Mavrikiyga Toshkent orqali yo‘lovchilarni jalb qilish imkoniyati sifatida ham ko‘rilmoqda.

Aholisining salmoqli qismini hind-musulmon jamoasi vakillari tashkil etadigan Mavrikiy sayyohlari uchun Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkentning tarixiy-madaniy merosi, islom sivilizatsiyasi bilan bog‘liq ziyoratgohlar hamda milliy taomlar an’analarini o‘z ichiga olgan maxsus turistik mahsulotlar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Dastlabki bosqichda dekabr va yanvar oylarida Toshkent-Mavrikiy-Toshkent yo‘nalishida to‘rtta reys amalga oshiriladi. 2027-yil iyunidan esa muntazam haftalik reyslarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Aviaqatnovlar “Ochiq turizm mavsumi” dasturi doirasida yo‘lga qo‘yiladi. Yangi yo‘nalishlarni ochadigan aviakompaniyalarga jalb qilingan har bir xorijiy sayyoh uchun $100 subsidiya hamda aeroport xizmatlari uchun 20% chegirma beriladi.

Mahalliy turoperatorlar esa uzoq xorij davlatlaridan har 1000 nafar sayyoh uchun $5000 gacha mablag‘ olishi mumkin.

Mavrikiy — Hind okeanida, Madagaskardan taxminan 900 km sharqda joylashgan orol davlat. Mamlakat plyaj va kurort turizmi, shuningdek, Afrika, Hindiston, Yevropa va Osiyo madaniyatlarining uyg‘unligi bilan mashhur.


Avvalroq Spot O‘zbekiston va Gonkong to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘lovchi va yuk tashish reyslarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.