Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanidagi ADM Agro korxonasining sanoatlashgan intensiv bog‘ida yo‘lga qo‘yilgan zamonaviy agrar tajribani ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Jizzax viloyatida avtomobil ishlab chiqarayotgan ADM Group kompaniyasi Orolbo‘yida intensiv bog‘dorchilikni yo‘lga qo‘ydi. Bog‘ning umumiy maydoni 330 gektarni tashkil etadi. Mahalliy aholi uchun 100 ta muqim ish o‘rni yaratildi.

Hozirda 69 gektar maydonga AQShda seleksiya qilingan 250 ming tub qora olxo‘ri ko‘chati ekilgan. Bu nav sho‘r yerlarga juda chidamli hisoblanadi. U ekilganidan so‘ng atigi 2 yilda hosilga kiradi. Bir tup daraxt 50−60 kilogrammgacha hosil beradi. Mevaning yirikligi va danakning oson ajralishi qayta ishlash uchun juda qulay sanaladi.

Yerdan unumli foydalanish va daromadni ko‘paytirish maqsadida daraxtlar orasiga hosildor pomidor navi ekildi. Ekin maydonining har bir gektaridan o‘rtacha 40−45 tonna hosil olish mumkin.

Maydonda yopiq drenaj va tomchilatib sug‘orish tizimlari joriy qilingan. Oddiy sug‘orishda bir gektar yerga 12 ming litr suv ketadi. Yangi tizim orqali esa bu sarf bor-yo‘g‘i 5 ming litrni tashkil etmoqda. Natijada suv 60 foizgacha tejaladi.

Suv to‘g‘ridan-to‘g‘ri daraxt ildiziga boradi va behuda sarf bo‘lmaydi. Suv bilan birga berilgan mineral o‘g‘itlar 90 foizgacha o‘simlik tomonidan o‘zlashtiriladi. Namlikning bir maromda saqlanishi hosildorlikni yanada oshiradi. Tizim to‘liq avtomatlashtirilgani sababli yuzlab gektar maydonni birgina operator bemalol boshqara oladi.

Loyiha doirasida tayyor mahsulotlarni sotish bo‘yicha ham aniq reja mavjud. Eksport qilish yuzasidan Xitoy, Koreya va Rossiya davlatlari bilan manfaatli shartnomalar imzolab bo‘lingan.

Kegeylidagi mazkur muvaffaqiyatli tajriba butun Qoraqalpog‘iston bo‘ylab kengaytiriladi. Intensiv bog‘lar maydonini 10 ming gektarga yetkazib, 40 mingta doimiy va mavsumiy ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilgan.

Shu yerda davlat rahbari fermerlar bilan muloqot qildi. Ular mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida qayd etib, Qoraqalpog‘iston taraqqiyotiga qaratilayotgan doimiy e‘tibor uchun minnatdorlik bildirdi.

Davlat rahbari, shuningdek, Kegeyli baraka naslli parranda korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi.

Loyihaning umumiy qiymati $7,8 mln ni tashkil etadi. 21 gektar maydonni egallagan korxona ishga tushishi bilan 70 nafar mahalliy aholi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.

Korxonaning ishlab chiqarish quvvati yuqori bo‘lib, 200 ming tovuq boqish imkoniyatiga ega. Hozirgi kunda bu yerda 130 ming tovuq parvarish qilinmoqda. Korxona davlat budjetiga 4,8 mlrd so‘m tushum keltirib, tuman iqtisodiyotiga katta hissa qo‘shmoqda.

Majmuada yiliga 27,5 mln dona inkubatsion tuxum yetishtiriladi. Ushbu tuxumlar tovuq va 1 kunlik jo‘ja holida sotuvga chiqariladi.

Bu yerda sutkasiga 100 tonna yem ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan alohida zavod qurilgan. Ishlab chiqarish jarayonlari to‘liq avtomatlashtirilgan.

Joriy yilning sentabr oyiga qadar Afg‘onistonga $1,1 mln lik mahsulot eksport qilindi. Yil yakuniga qadar eksport hajmini $1,5 mln ga yetkazish rejalashtirilgan.

Joriy yil yakuniga qadar yana 8,5 gektar maydonda qiymati $5 mln lik yangi fabrikani ishga tushirish mo‘ljallangan. Loyiha amalga oshgach, yangi ish o‘rinlari yaratiladi va ishlab chiqarish hajmi yanada ortadi.

Prezident bunday majmualar kelgusida yirik parrandachilik xoldinglariga aylanib, nafaqat yangi, balki yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilishi kerakligini qayd etdi, mutasaddilarga bu borada tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Avvalroq Spot Qoraqalpog‘istonda $5,11 mlrdga uchta mayning va uchta data-markaz qurilayotgani haqida yozgandi.