GM Uzbekistan Captiva ishlab chiqarishni to’xtatmoqda, deb yozadi kompaniya matbuot xizmati.

Xabarga ko’ra, ushbu modeldagi avtomobillarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarga arzilarni ro‘yxatdan o‘tkazish 10 sentyabrdan to‘xtatiladi.

“Xurmatli xaridorlar, „General Motors“ kompaniyasining modellar qatorini yangilash borasidagi global strategiyasiga muvofiq, „Chevrolet Captiva“ avtomobilini „GM Uzbekistan“ AJ ishlab chiqarish quvvatlarida yig‘ish yakunlanishini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.

“GM Uzbekistan” AJ dillerlik korxonalari bilan birgalikda “Chevrolet Captiva” rusumidagi avtomobillarga tuzilgan shartnomalar uchun iste’molchilar oldida o‘zining majburiyatlarini yil ohirigacha to‘liq yetkazib berilishini ta’minlaydi.

Ilk bor Captiva avtomobilini O‘zbekistonda yirik tarmoqli yig‘ish 2007 yilning oktyabr oyidan boshlangan. 2011 yilning sentyabr va 2017 yilning fevral oylarida avtomobilning yangilangan modeli chiqarilgan.

Ilgari Spot Eron O’zbekiston avtomobillarini import qilishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumot bergan edi.