Surxondaryo viloyati hokimligida Termiz shahrini obodonlashtirish, uning arxitekturaviy qiyofasini yanada yaxshilash, aholi va mehmonlar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida “Termiz city” majmuasini bunyod etish loyiha taklifi muhokama etildi, deb yozadi Viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Viloyat hokimi Bahodir Po‘latov hamda Germaniyaning “Kema” kompaniyasi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Termiz shahridagi “Arch Design Service” MChJ tomonidan ishlab chiqilgan loyiha taklifiga ko‘ra, “Termiz city” zamonaviy kompleksi quriladi.
Kompleks shaharning 3 ta — Islom Karimov hamda yangi qurilayotgan Loyihaviy 7−7 ko‘chalari kesishuvidagi 11 gektar, A.Navoiy nomli ko‘cha yoqasida barpo etilayotgan “Yashil dunyo” savdo kompleksi yonidagi 25 gektar, Beruniy va Istiqlol ko‘chalari tutashgan bo‘sh yer maydonidagi 4,2 gektar hududida qurish rejalashtirilmoqda.
“Majmuada biznes markazlar, savdo majmualari, mehmonxona va ofislar, ko‘p qavatli zamonaviy uylar, restoranlar, sun’iy ko‘l-u favvoralar, yer osti avtoturargohlari, ijtimoiy va boshqa ob’ektlarni bunyod etiladi”, deyiladi xabarda.
Germaniyaning “Kema” kompaniyasi loyihaga 2 milliard $ miqdorida sarmoya kiritadi, shuningdek, mamlakatimiz hamda xorijiy davlatlarning yetakchi loyiha institutlari, chet ellik investorlar jalb etiladi.
