Prezidentning “Yog‘-moy tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar va sohani boshqarishda bozor mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida"gi qarori e’lon qilindi.

Keltirilishicha, xom ashyo bazasining chegaralanganligi oqibatida tarmoq korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi 50%dan oshmaydi, bu davlat ishtirokidagi yog‘-moy korxonalar faoliyatining samaradorligi va raqobatbardoshligining pasayishiga olib kelmoqda.

Qarorga binoan, Iqtisodiyotda davlatning ishtirokini yanada qisqartirish, respublika yog‘-moy tarmog‘ining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida “O‘zpaxtayog‘” AJ negizida O‘zbekiston yog‘-moy sanoati korxonalari uyushmasi (keyingi o‘rinlarda — “O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi) tashkil etiladi.

2022 yil 1 yanvarga qadar:

  • “O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi mol-mulk solig‘i va yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i to‘lashdan ozod etildi;
  • tashkilotlarning shartnomalar asosida “O‘zyog‘moysanoat” uyushmasiga ajratmalari yuridik shaxslar foyda solig‘ining soliqqa tortiladigan bazasidan chiqarildi.

“O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi tarkibiga kiradigan tashkilotlar 2021 yil 1 yanvarga qadar:

  • o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish maqsadida import qilinadigan yog‘-moy xom ashyolari hajmi TIF TN kodlari 1201−1207 guruhi (soya dukkagi, kungaboqar va boshqa moyli o‘simliklar urug‘lari) bo‘yicha bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlari bundan mustasno);
  • o‘simlik yog‘i ishlab chiqaruvchilar import qilingan yog‘-moy xom ashyolari hisobidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmlari bo‘yicha qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lovidan ozod qilindi.